O‘zbekistonda chorvachilikni rivojlantirishga 463 mln dollar ajratiladi
Jamiyat
−
05 avgust 2520 3 daqiqa
O‘zbekistonda chorvachilik tarmog‘ini rivojlantirish uchun 463 million dollar miqdorida mablag‘ yo‘naltiriladi. Bu haqda bugun, 5 avgust kuni Prezident Shavkat Mirziyoyev tanishgan chorvachilik va parrandachilik tarmoqlarini rivojlantirish, go‘sht va sut mahsulotlari ishlab chiqarishni ko‘paytirish hamda sohaga zamonaviy texnologiyalarni joriy etish chora-tadbirlari yuzasidan taqdimotda so‘z boradi.
Qayd etilishicha, mamlakatda aholi soni va turizm oqimining o‘sishi oziq-ovqat mahsulotlariga bo‘lgan talabni ham oshirmoqda. Hozirgi kunda go‘shtga bo‘lgan yillik talab 2 million 150 ming tonnani, ishlab chiqarish hajmi esa 1 million 600 ming tonnani tashkil etmoqda.
Shu bois, taqdimotda 2026-2028 yillarda chorvachilik mahsulotlari ishlab chiqarish hajmini oshirish bo‘yicha ishlab chiqilgan kompleks choralar muhokama qilingan.
Faoliyat yuritmayotgan korxonalarni tiklash, chorvachilikka ixtisoslashgan tumanlarni qo‘llab-quvvatlash, aholi xonadonlarida yengil konstruksiyali molxonalar qurish va yangi loyihalarni amalga oshirish hisobiga qo‘shimcha 190 ming tonna go‘sht ishlab chiqarish imkoniyati mavjudligi qayd etilgan.
Jumladan, faoliyati to‘xtab qolgan 103 ta chorvachilik korxonasini sog‘lomlashtirish rejalashtirilgan. Ularning qarzlarini restrukturizatsiya qilish yoki o‘n yilga bo‘lib to‘lash, ozuqa yetishtirish uchun yer maydonlari ajratish va naslli mollar bilan ta’minlash taklif etilgan. Natijada 33 ming bosh qoramol parvarishlanib, yiliga 12 ming tonna go‘sht va 40 ming tonna sut ishlab chiqarish imkoniyati yaratiladi.
Chorvachilikka ixtisoslashgan 13 ta tumanda 75 ming gektar ozuqa maydonidan samarali foydalanish, kichik chorvachilik loyihalarini moliyalashtirish, sut qabul qilish punktlari va ozuqa sotish shoxobchalarini tashkil etish ko‘zda tutilgan.
Shuningdek, aholi xonadonlarida 20 sotix maydonda yengil konstruksiyali 11 mingta molxona qurish va ularda 421 ming bosh qoramol parvarishlash rejalashtirilgan.
Umumiy qiymati 3 trillion so‘m bo‘lgan 802 ta yangi loyiha doirasida 68 ming boshdan ziyod qoramol hamda 186 ming bosh qo‘y va echki parvarishlash ko‘zda tutilgan. Ushbu loyihalar yiliga qo‘shimcha 20 ming tonna go‘sht va 120 ming tonna sut ishlab chiqarish imkonini beradi.
Qoraqalpog‘iston misolida chorvachilik komplekslarini sog‘lomlashtirish bo‘yicha sun’iy intellekt yordamida tayyorlangan tahlil natijalari ham ko‘rib chiqilgan. O‘rganilgan 20 ta kompleksning qarzi 109,6 milliard so‘mni tashkil etib, ularning yarmi yuqori xavfli toifaga kiritilgan. Aksariyat ob’ektlarda ozuqa maydonlari va zarur infratuzilma yetarli emas.
Shundan kelib chiqib, qarz yukini yengillashtirish, ozuqa bazasini shakllantirish, komplekslarni dastlab pilot tartibida, keyinchalik bosqichma-bosqich ishga tushirish va naslli mollar bilan ta’minlash bo‘yicha takliflar bildirilgan.
Mo‘g‘ulistondan 150 ming bosh qo‘y, Xitoy va Yevropa davlatlaridan 100 ming bosh naslli qoramol, Belarus Respublikasidan 2 ming bosh mol olib kelish rejalashtirilmoqda. Bu orqali yiliga qo‘shimcha 44 ming tonna go‘sht ishlab chiqarish imkoniyati yaratiladi.
Umuman, chorvachilik tarmog‘ini rivojlantirish uchun 463 million dollar miqdorida mablag‘ yo‘naltirish ko‘zda tutilgan.
Aholi xonadonlari va chorvachilikka ixtisoslashgan mahallalarni qo‘llab-quvvatlash masalalariga alohida e’tibor qaratilgan. Respublikada 191 ta tumanda 2 ming 407 ta chorvachilikka ixtisoslashgan mahalla mavjud bo‘lib, ularda 823 mingta xonadon va 3,9 million nafar aholi istiqomat qiladi.
Ushbu xonadonlarga arzon chorva mollari yetkazib berish, sigirlarni sun’iy urug‘lantirish, yem-xashak ta’minoti va zooveterinariya xizmatlarini yaxshilash, nasldor buzoqlarni identifikatsiya qilish hamda ular uchun subsidiya ajratish taklif etilgan. Natijada xonadonlarda chorva bosh soni va mahsuldorlik ortishi, aholi uchun qo‘shimcha daromad manbalari yaratilishi kutilmoqda.
Naslchilik sohasida 13 ta tumanda har biri 200 bosh qoramolga mo‘ljallangan xo‘jaliklar tashkil etish, yiliga 500 ming bosh sigirni saralangan urug‘ bilan sun’iy urug‘lantirish va embrion transplantatsiyasi texnologiyalarini keng joriy qilish rejalashtirilgan.
Davlat rahbari loyihalarning iqtisodiy samaradorligini chuqur tahlil qilish, mablag‘larni manzilli yo‘naltirish, raqamli hisob va monitoringni yo‘lga qo‘yish, ichki bozorni sifatli va hamyonbop mahsulotlar bilan barqaror ta’minlash bo‘yicha mutasaddilarga topshiriqlar bergan.
Live
Barchasi