O‘zbekistonda hayvonlarni ro‘yxatga olish uchun millionlab dollar ajratildi

Jamiyat

image

Prezident qarori bilan Veterinariya va chorvachilikni rivojlantirish qo‘mitasi huzurida Hayvonlarni identifikatsiya qilish, ro‘yxatga olish va kuzatish markazi tashkil etiladi. Bu haqda joriy yilning 24 avgust kuni qabul qilingan “Chorvachilikda identifikatsiya qilish tizimi va naslchilik sohasini takomillashtirishga oid qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi Prezident qarorida ma’lum qilindi. 

Unga ko‘ra, jismoniy va yuridik shaxslar tomonidan boqib, ko‘paytiriladigan va saqlanadigan hayvonlar, jumladan, uy hayvonlari bosqichma-bosqich identifikatsiya qilinadi va ularning elektron hisobi yuritiladi. Hayvonlarni indentifikatsiya qilish, ro‘yxatga olish va kuzatish tizimini joriy etish uchun 33 mln AQSH dollari yo‘naltiriladi.

Identifikatsiya markazini joylashtirish uchun xususiy mulk sotib olish, ta’mirlash, yangi bino va inshootlar qurish hamda laboratoriya asbob-uskunalari va jihozlarini xarid qilishga 50 mlrd so‘mgacha moliyalashtirishga ruxsat beriladi.

Shuningdek, qarorga muvofiq 2023 yil 1 dekabrdan boshlab chorvachilik xo‘jaliklari o‘z ehtiyoji uchun import qilgan nasldor qoramollarga hisoblangan qo‘shimcha qiymat solig‘ini Veterinariya va chorvachilikni rivojlantirish qo‘mitasi kafolati asosida 180 kun ichida to‘lab berish tizimi joriy qilinadi. Veterinariya va chorvachilikni rivojlantirish qo‘mitasi Iqtisodiyot va moliya vazirligi, Bojxona qo‘mitasi hamda Soliq qo‘mitasi bilan birga uch oy muddatda ushbu bandda ko‘rsatilgan tartibni ishlab chiqadi.

Bundan tashqari, 2023 yil 1 sentyabrdan boshlab, 2025 yil 31 dekabrga qadar davlar tomonidan chorvachilik mahsulotlarini yetishtiruvchi xo‘jaliklarga xorijiy davlatdan import qilingan nasldor qoramollarning har bir boshiga 2 mln so‘mdan, nasldor qo‘y va echkining har bir boshiga 400 ming so‘mdan, parrandachilik xo‘jaliklariga har bir bosh bir kunlik nasldor jo‘jani import qilish bilan bog‘liq xarajatlarning 15 ming so‘mini qoplash uchun subsidiyalar ajratiladi.


Maqola muallifi

Teglar

chorvachilik

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing