O‘zbekistonda chorvachilikka yangi imtiyozlar beriladi

Jamiyat

image

O‘zbekistonda chorvachilik tarmog‘ini rivojlantirish, mahalliy ishlab chiqarishni kengaytirish va sohani moliyaviy qo‘llab-quvvatlash bo‘yicha qo‘shimcha choralar belgilandi. Bu haqda Prezidentning “Chorvachilik tarmog‘i loyihalarini qo‘llab-quvvatlash bo‘yicha qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi qarorida belgilandi.

Qarorga ko‘ra, joriy yilning 1 sentyabrdan 2030 yil 1 yanvargacha nasldor qoramol yetishtiruvchi xo‘jaliklarga subsidiyalar ajratiladi. Jumladan, birinchi nasldor urg‘ochi buzoq olinganda 1,5 mln so‘m, ikkinchi nasldor urg‘ochi buzoq uchun 2 mln so‘m, shuningdek, buzoqlarni saqlash xarajatlarini qoplash uchun alohida subsidiyalar beriladi.

Shuningdek, xorijdan yirik va mayda shoxli qoramollarni olib kelish, ularni chorvachilik xo‘jaliklari hamda aholi xonadonlariga yetkazib berish bilan shug‘ullanuvchi servis korxonasi tashkil etiladi. Ushbu korxona chorva mollari yetkazib berilgach, kamida 12 oy davomida oziqlantirish, veterinariya, sun’iy urug‘lantirish va naslchilik xizmatlarini ko‘rsatadi.

Qarorda chorvachilikka ixtisoslashgan hududlarda yangi loyihalarni amalga oshirish, tadbirkorlarni moliyaviy qo‘llab-quvvatlash va chorva mollari yetishtirish imkoniyatlarini kengaytirish bo‘yicha ham qator vazifalar belgilangan.

Bundan tashqari, chorvachilik loyihalari uchun yem-xashak ekinlarini yetishtirish maqsadida bo‘sh turgan qishloq xo‘jaligi yer uchastkalarini elektron onlayn auksionlarga chiqarish ko‘zda tutilgan.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq O‘zbekiston hududida jismoniy yoki yuridik shaxslar tomonidan saqlanadigan va (yoki) ko‘paytiriladigan hayvonlar belgilangan tartibda identifikatsiya qilinishi hamda ro‘yxatga olinishi kerakligi haqida xabar berilgan edi.


Maqola muallifi

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing