Ertaga Erdo‘g‘an va Zelenskiy Turkiyada uchrashadi

Olam

image

Turkiya va Ukraina Prezidentlari Rajab Toyib Erdo‘g‘an va Vladimir Zelenskiy ertaga, 18 fevral kuni Ukrainadagi vaziyatni muhokama qiladi. Bu haqda bugun, 17 fevral kuni Turkiya Prezidenti ma’muriyatining aloqa bo‘limi rahbari Fahrettin Altun X ijtimoiy tarmog‘ida ma’lum qildi.

Uning so‘zlariga ko‘ra, muzokaralar Turkiya tomoni tashabbusi bilan Vladimir Zelenskiyning Turkiyaga tashrifi doirasida bo‘lib o‘tadi.

“18 fevral, seshanba kuni Prezident Rajab Toyib Erdo‘g‘an prezidentlik saroyida uning taklifiga binoan mamlakatga rasmiy tashrif bilan keladigan Ukraina Prezidenti Vladimir Zelenskiy bilan uchrashadi”, deya yozgan Altun.

Uning qo‘shimcha qilishicha, ikki davlat rahbarlari hamkorlik va ikki tomonlama aloqalarni yaxshilash yo‘llari, Ukrainadagi so‘nggi voqealar, mintaqaviy va global muammolarni muhokama qiladi. 

Tomonlar, shuningdek, ikki davlat o‘rtasidagi hamkorlikni mustahkamlash bo‘yicha amalga oshirilishi lozim bo‘lgan qadamlarni belgilashi kutilmoqda.

“Uchrashuvlarda Turkiya-Ukraina strategik sheriklik munosabatlarining barcha jihatlari ko‘rib chiqiladi va ikki davlat o‘rtasidagi hamkorlikni yanada mustahkamlash uchun tashlanishi kerak bo‘lgan qadamlar muhokama qilinadi”, deyiladi xabarda.

Ma’lumot uchun, Ukraina Prezidenti kecha, 16 fevral kuni rasmiy tashrif bilan Birlashgan Arab Amirliklariga borgandi.

Eslatib o‘tamiz, ertaga, 18 fevral kuni Saudiya Arabistonida AQSH va Rossiya vakillarining Ukrainadagi urushni tugatish bo‘yicha muzokaralari bo‘lib o‘tishi rejalashtirilgani haqida xabar berilgandi. Zelenskiy ham 18 fevral kuni Saudiya Arabistoniga rasmiy tashrif bilan borishi, biroq buning AQSH va Rossiya vakillari darajasida sodir bo‘layotgan voqealarga hech qanday aloqasi yo‘qligini aytgandi. U, shuningdek, Ukraina Saudiya Arabistonidagi muzokaralarda qatnashmasligi va u yerda erishilgan nizolarni hal qilish bo‘yicha hech qanday kelishuvni tan olmasligini ham bildirgan.


Maqola muallifi

Teglar

Turkiya Rajab Toyib Erdo'g'an Vladimir Zelenskiy

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing