Ertaga Ar-Riyodda AQSH-Rossiya muzokaralari bo‘lib o‘tadi
Olam
−
17 fevral 7820 2 daqiqa
Ertaga, 18 fevral kuni Saudiya Arabistonida AQSH va Rossiya vakillarining Ukrainadagi urushni tugatish bo‘yicha muzokaralari bo‘lib o‘tadi. Bu haqda bugun, 17 fevralga o‘tar kechasi manbalarga tayanib, Amerikaning “Axios”portali xabar berdi.
“Axios” manbalariga ko‘ra, AQSH delegatsiyasi tarkibiga Davlat kotibi Marko Rubio, Oq uyning milliy xavfsizlik bo‘yicha maslahatchisi Mayk Uolts va Donald Trampning Yaqin Sharq bo‘yicha maxsus vakili Stiv Uitkoff kiradi. U kecha, 16 fevral kuni “Fox News” telekanalida Uolts bilan kechqurun Saudiya Arabistoniga borishini aytgan.
“Rubio u yerga 17 fevral kuni Isroilga tashrifidan so‘ng boradi”, deb yozadi “Axios”.
Rossiya delegatsiyasining aniq tarkibi ma’lum emas. “Axios”ning yozishicha, katta ehtimol bilan uning tarkibiga Tashqi ishlar vaziri Sergey Lavrov kiradi.
“Bloomberg” agentligiga ko‘ra, u yerda Rossiya prezidenti yordamchisi Yuriy Ushakov va Tashqi razvedka xizmati rahbari Sergey Narishkin ham bo‘ladi. Bundan tashqari, muzokaralarni Rossiya to‘g‘ridan to‘g‘ri investitsiyalar jamg‘armasi rahbari, AQSHda tahsil olgan va ishlagan Kirill Dmitriyev boshqarmoqda.
“Kommersant” gazetasi ham kecha, 16 fevral kuni manbalariga tayanib, muzokaralar 18 fevral kuni Saudiya Arabistonida bo‘lib o‘tishi haqida xabar berdi. Nashr aniq manzilni ham nomlagan: Ar-Riyod.
Ukraina Prezidenti Vladimir Zelenskiy 15 fevral kuni Kiyev Saudiya Arabistonidagi uchrashuvga taklifnoma olmaganini aytdi. Tramp esa bir kun o‘tib Ukraina rahbari urushni tugatish bo‘yicha muzokaralarda ishtirok etishini bildirdi. Uitkoff ham xuddi shunday dedi. Rubio CBS telekanaliga bergan intervyusida har qanday “haqiqiy muzokaralar”da Ukraina ham, Yevropa davlatlari ham ishtirok etishini aytdi.
Zelenskiyning o‘zi kecha, 16 fevral kuni kechqurunrasmiy tashrif bilan Birlashgan Arab Amirliklariga yetib bordi.
FlightAware ma’lumotlariga ko‘ra, kecha, 16 fevral kuni Ukraina Prezidentining samolyoti Myunxendan Polshaning Jeshuv-Yasyonka aeroportiga, so‘ngra Abu-Dabiga uchgan. U yerdan Ar-Riyodga samolyotda ikki soatda yetib borsa bo‘ladi.
Eslatib o‘tamiz, oldinroq “Bloomberg” manbalariga tayanib, Rossiya Prezidenti Vladimir Putin va AQSH Prezidenti Donald Tramp o‘rtasida Ukraina mojarosini tinch yo‘l bilan hal qilish bo‘yicha muzokaralar olib borish maqsadida bo‘lishi mumkin bo‘lgan uchrashuv joriy yil 28 fevralgacha o‘tkazilishi mumkinligini xabar qilgandi.