Ertaga butun Qozog‘iston bo‘ylab seysmik mashg‘ulotlar o‘tkaziladi
Olam
−
22 fevral
5632Ertaga, 23 fevral kuni Qozog‘istonning barcha hududlarida rejali seysmik tayyorgarlik ishlari o‘tkaziladi. Bu haqda mamlakat Favqulodda vaziyatlar vazirligi xabar berdi.
Qayd etilishicha, shu kuni aholini ogohlantirish tizimi ishga tushiriladi.
“Seysmik tayyorgarlikdan ko‘zlangan asosiy maqsad aholining zilzila xavfi sodir bo‘lgan taqdirda harakat qilishga tayyorgarlik darajasini oshirishdan iborat. Favqulodda vaziyatlar vazirligi aholiga ogohlantirishni e’tiborsiz qoldirmaslik va seysmik tayyorgarlikda faol ishtirok etishni tavsiya qiladi”, deyiladi rasmiy xabarda.
Olmaota Favqulodda vaziyatlar boshqarmasi seysmik tayyorgarlik ertaga soat 10:00da boshlanishi rejalashtirilganini ma’lum qilgan. Boshqarma boshlig‘i Nurlan Atiqayevning tushuntirishicha, mazkur tadbir aholini ekstremal vaziyatlarga tayyorlash va xavfsizlik madaniyatini oshirish maqsadida o‘tkazilmoqda.
Eslatib o‘tamiz, bundan roppa-rosa bir oy avval, 23 yanvarga o‘tar kechasi Olmaota aholisi kuchli yer silkinishini his qilgan edi. Zilzila 5 balli deb baholangan. Olmaotadagi zilzila oqibatida 60 dan ortiq kishi turli darajada tan jarohati olgani ma’lum bo‘ldi. Olmaota viloyatida zilziladan keyin 40 dan ortiq binolarda yoriqlar aniqlangan.
Keyinroq ijtimoiy tarmoqlarda Olmaota shahrida yaqin kunlarda 12 balli zilzila sodir bo‘lishi kutilayotgani haqida xabarlar tarqaldi. O‘zbekiston Favqulodda vaziyatlar vazirligi buni rad etdi va zilzilaning vujudga kelishi mumkin bo‘lgan aniq vaqt va joyni prognoz qilishning deyarli imkoni yo‘qligini bildirdi.