Erondan Mirzo Ulug‘bek va Alisher Navoiyga oid bitiklar topildi
Madaniyat-san’at
−
14 aprel 2022
12102Eronning Toyinobod shahridan Mirzo Ulug‘bek va Alisher Navoiyga oid bitiklar topildi. Turizm va madaniy meros vazirligining xabar qilishicha, bitiklar haqida Madaniy meros agentligi direktori birinchi o‘rinbosari Tursunali Qo‘ziyev va Toshkent viloyati madaniy meros boshqarmasi boshlig‘i Mansur Isroilovning Eron Islom Respublikasiga O‘zbekiston elchixonasi ko‘magida amalga oshirgan xizmat safari davomida ma’lum bo‘lgan.
Tursunali Qo‘ziyevga ko‘ra, Eronning shimoli-g‘arbida Temuriylar davrining ko‘plab madaniy meros obidalari mavjud. Amir Temur Eronga tashrifi davomida Mashhad provinsiyasidagi Toyinobod shahrida shayx Abu Bakr Zayn-ul Obiddin Toyyibiniy bilan uchrashgan va u bilan do‘stlashib qolgan. Uzoq yillar davomida u bilan yozishib turgan. Ushbu do‘stlik hurmati Amir Temurning o‘g‘li Shohrux Mirzo Toyinobod shahrida ajoyib masjid qurdirgan.
“Masjid bugungi kunga qadar saqlanib qolgan va ko‘plab allomalarimizning do‘stona munosabatlarini o‘zida muhrlagan. Shunisi diqqatga sazovorki, ko‘p hukmdorlar va taniqli arboblar bu masjidga kelib, namoz o‘qishni o‘zlari uchun sharaf deb bilishgan. Masjidning devorida yuqori martabali mehmonlar uchun hurmat devori bo‘lib, ularda mehmonlar o‘z tilaklari yoki bitiklarini yozib qoldirishgan. Ularni ko‘zdan kechirayotib, ajoyib yangilik – Mirzo Ulug‘bek va Alisher Navoiy bitiklarini kashf etdik”, deydi Tursunali Qo‘ziyev.
Ma’lum qilinishicha, ayni damda Mirzo Ulug‘bek va Alisher Navoiy bitiklarini ilmiy jihatdan o‘rganishga doir ishlar olib borilmoqda.
LiveBarchasi