Erondagi portlashda 20 ga yaqin odam halok bo‘ldi
Olam
−
27 aprel
7112Kecha, 25 aprel kuni Eronning Bandar-Abbos shahri yaqinidagi Shahid-Rajai dengiz portida sodir bo‘lgan kuchli portlash oqibatida 18 kishi halok bo‘ldi va 750 dan ortiq odam jarohatlandi. Bu haqda “Associated Press” xabar berdi.
Ma’lum qilinishicha, portda raketalar uchun qattiq yoqilg‘ining asosiy tarkibiy qismi bo‘lgan natriy perxlorat portlab ketgan. U ayni Ummonda AQSH va Eron o‘rtasida Tehron yadroviy dasturi bo‘yicha muzokaralarning uchinchi bosqichi boshlanganidan ko‘p o‘tmay sodir bo‘lgan. Ba’zi bir manbalarga ko‘ra, portlash uyushtirilgan bo‘lishi mumkin. Ammo bu haqda rasmiy ma’lumotlar mavjud emas.
“Hodisaga Shahid Rajai porti bandargohi hududida saqlanayotgan bir nechta konteynerlarning portlashi sabab bo‘lgan. Hozirda evakuatsiya ishlarini olib boryapmiz va yaradorlarni tibbiyot markazlariga olib ketyapmiz”, degan Favqulodda vaziyatlar boshqarmasining mahalliy vakili.
Port faoliyati yong‘inni o‘chirish uchun to‘xtatilgan.
Eron OAV ma’lumotlariga ko‘ra, portlash oqibatida bir necha kilometr radiusdagi oynalar singan, internetda esa portlashdan keyin ulkan tutun hosil bo‘lgani aks etgan kadrlar paydo bo‘lgan.
Eron Sog‘liqni saqlash vazirligi hududda favqulodda holat e’lon qilib, odamlardan binolarda qolish, derazalarni yopish va niqob taqishni so‘ragan.
Eron Prezidenti Mas’ud Pezeshkiyon mamlakat Ichki ishlar vaziri portlash tergovini nazorat qilish uchun mintaqaga yo‘l olganini aytgan. U portlash oqibatida insonlar halok bo‘lgani munosabati bilan chuqur hamdardlik bildirgan.
Ma’lumot uchun, Bandar Abbos Fors ko‘rfazining Ummon ko‘rfazi bilan tutashgan joyida, Hurmuz bo‘g‘ozi qirg‘og‘idagi strategik muhim nuqtada joylashgan. Portlar va kemachilik tashkiloti ma’lumotlariga ko‘ra, bu port Erondagi eng yirik port hisoblanadi. O‘tgan yili u orqali mamlakatdagi konteyner tashishlarning 85 foizi, shuningdek, Eron neftining katta qismi o‘tgan. 2020 yilda xuddi shu portdagi kompyuterlarga kiberhujum uyushtirilgan, bu esa suv yo‘llari va ob’ektga olib boruvchi yo‘llarda ommaviy nosozliklarni keltirib chiqargan.
Eslatib o‘tamiz, kecha, 26 aprel kuni Eron va AQSH o‘rtasida Ummon poytaxti Maskatda bilvosita muzokaralarning uchinchi raundi bo‘lib o‘tgan edi. Muzokaralardan so‘ng Eron Tashqi ishlar vaziri Abbos Aroqchi jurnalistlarga intervyu berib, Maskatdagi uchinchi raund muzokaralari oldingilarga qaraganda ancha jiddiy o‘tganini ta’kidlagan. Bundan tashqari, u o‘z bayonotida Shahid-Rajai portida yuz bergan hodisa munosabati bilan halok bo‘lganlarning oila a’zolariga ta’ziya izhor etgan va jarohatlanganlarga hamdardlik bildirgan edi.
LiveBarchasi