Erondagi narkologiya markazida yuz bergan yong‘inda 32 kishi halok bo‘ldi
Olam
−
04 noyabr 2023
2583Eron shimolida joylashgan Gelon viloyatidagi giyohvandlarni reabilitatsiya qilish markazi binosida sodir bo‘lgan yong‘in oqibatida kamida 32 kishi halok bo‘ldi, 17 kishi jarohat oldi. Bu haqda IRNA agentligi xabar berdi.
Gelon viloyati gubernatorining siyosat, xavfsizlik va ijtimoiy ta’minot bo‘yicha o‘rinbosari Muhammad Jaloiyning aniqlik kiritishicha, yong‘in erta tongda Lengerud viloyatidagi giyohvand shaxslarni reabilitatsiya qilish markazi binosida boshlangan.
Uning so‘zlariga ko‘ra, jabrlanganlarning to‘rt nafari intubatsiyaga muhtoj, qolganlarining ahvoli barqaror deb baholanmoqda. Shuningdek, u markaz 40 bemorga mo‘ljallangani, bemorlar soni tibbiyot muassasasi sig‘imidan oshib ketganini aytgan. Bu yong‘inda ko‘plab qurbonlar bo‘lishiga olib kelgan.
Viloyat gubernatori ma’muriyati reabilitatsiya markazidagi yong‘inga isitish moslamasi sabab bo‘lgani, uchqun pardaga o‘tgani haqida xabar bergan.
“Tasnim” agentligining xabar berishicha, Eron sud hokimiyati rahbari G‘ulomhusayn Mohseni-Ejey voqea yuzasidan keng qamrovli tergov o‘tkazishni buyurgan.
"Hozirda sud qarorlari chiqarilgan, reabilitatsiya markazi rahbariyati kuzatuv ostida, uning direktori esa hibsga olingan”, deydi Gilon viloyati adliya departamenti rahbari Ismoil Sadeki-Niaraki.
LiveBarchasi