Erondagi namoyishlarda 35 kishi halok bo‘ldi

Olam

image

Eronda to‘qqiz kundan beri davom etayotgan ko‘cha namoyishlarida kamida 35 kishi halok bo‘ldi, 1200 dan ortiq odam hibsga olindi. Bu haqda kecha, 5 yanvar kuni “Human Rights Activists in Iran” xabar berdi.

Tashkilot ma’lumotlariga ko‘ra, 28 dekabr kuni boshlangan norozilik namoyishlari mamlakatdagi 31 viloyatning 27 tasida, kamida 88 shaharda bo‘lib o‘tgan. Huquq himoyachilarining yozishicha, ba’zan Eron xavfsizlik kuchlari namoyishchilarga qarshi kuch ishlatgan. 

Bunday harakatlar yirik shaharlarda, jumladan Mashhad va Eron poytaxti Tehronda noroziliklarning yangi to‘lqinini keltirib chiqargan. Namoyishlarga mamlakat bo‘ylab kamida 17 ta oliy o‘quv yurtining talabalari qo‘shilgan. OAVga ko‘ra, bunga javoban kuch tuzilmalari universitet binolari hududlarida reydlar o‘tkaza boshlagan. Umuman olganda, mamlakatda boshlangan ushbu noroziliklar 2022 yildan beri Erondagi eng yirik ommaviy namoyishlar bo‘ldi. O‘shanda noroziliklarga 22 yoshli Mahsa Aminiyning “axloq politsiyasi” tomonidan qo‘lga olinganidan keyin vafot etgani sabab bo‘lgan edi.

Eron rasmiylari namoyishchilarga nisbatan hech qanday murosa bo‘lmasligini bildirgan.

Huquq himoyachilari ma’lumotiga ko‘ra, Erondagi ommaviy noroziliklar chog‘ida halok bo‘lgan 35 kishining 29 nafari namoyishchilar, to‘rt nafari bolalar, yana ikki nafari esa xavfsizlik kuchlari xodimlari hisoblanadi.

OAV ma’lumotlariga ko‘ra, Kuxdesht shahrida odamlarni tarqatish uchun xavfsizlik kuchlari qurol ishlatishga uringan. Bunga javoban namoyishchilar ularga qarata tosh otgan. 

Eslatib o‘tamiz, avvalroq Eron Oliy rahnamosi Oyatulloh Ali Xomanaiy Tehrondagi noroziliklar kuchayib, armiya va xavfsizlik kuchlari dushman tomon o‘tib ketsa yoki buyruqlarni bajarmasa, shaharni tark etish rejasini ishlab chiqqani haqida xabar berilgandi. Isroil razvedkasi vakili Beni Sabtining aytishicha, Oyatulloh Moskvaga qochishi mumkin, chunki borarga boshqa joyi yo‘q.


Maqola muallifi

Teglar

Eron namoyish Tehron Mashhad

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing