Eronda yana namoyishlar boshlandi
Olam
−
03 Oktabr 2022
6421Eronda noto‘g‘ri hijob kiygani uchun “Gasht-e Ershad” patruli (axloq politsiyasining rasmiy nomi) tomonidan hibsga olinganidan so‘ng halok bo‘lgan 22 yoshli Mahsa Aminining o‘limiga qarshi norozilik namoyishlari 15 kundan beri davom etmoqda.
Kuchaytirilgan xavfsizlik choralarining qabul qilinishi tufayli Islom Respublikasida so‘nggi ikki kun nisbatan xotirjam o‘tdi, biroq keyin mamlakatdagi ko‘plab universitetlarni qamrab olgan norozilik namoyishlari shaharlar ko‘chalarida yangi tartibsizliklarning boshlanishiga turtki bo‘ldi.
Eron poytaxti Tehron, shuningdek, Senandej, Shehre Kord, Shahinshahr, Erak, Bukan, Babol, Karij, Mashhad va Kirmonshoh kabi shaharlarda norozilik aksiyalari 1 oktyabr kuni kechgacha davom etdi.
Ijtimoiy tarmoqlardagi videolarda namoyishchilar axlat qutilarini yoqib yuborayotgani, yo‘llarda barrikadalar qurayotgani va to‘g‘ridan-to‘g‘ri ko‘chalarda olov yoqayotganini ko‘rish mumkin.
Bir qator shaharlarda namoyishchilar va xavfsizlik kuchlari o‘rtasida to‘qnashuvlar yuz berdi, politsiya ko‘zdan yosh oqizuvchi gaz ishlatdi.
Ilgari ijtimoiy tarmoqlarda namoyishlarni qayta boshlashga chaqiruvchi postlar e’lon qilingan, shuningdek, fuqarolarga tegishli mazmundagi risolalar tarqatilgan edi.
Ko‘plab universitetlarda hibsga olingan talabalarni qo‘llab-quvvatlash va ularni ozod qilish talabi bilan aksiyalar o‘tkazildi.
Xavfsizlik kuchlari, sud hokimiyatining buyrug‘i bilan, namoyishchilarni “jamoat xavfsizligiga tahdid” uchun hibsga olishni boshladi. OAV ma’lumotlariga ko‘ra, 2000 ga yaqin odam hibsga olingan, ular orasida talabalar, taniqli shaxslar va jurnalistlar ham bor.
Eslatib o‘tamiz, joriy yilning 16 sentyabr kuni Eronda axloq politsiyasi tomonidan noto‘g‘ri hijob kiygani uchun hibsga olingan 22 yoshli talaba Mahsa Amini vafot etdi. Uning vafotidan so‘ng mamlakatda norozilik namoyishlari boshlandi.
Namoyish sifatida butun mamlakat bo‘ylab ayollar hijobni yoqib, sochlarini kesmoqda. Ushbu norozilik dunyoning boshqa mamlakatlarida ham aks-sado bermoqda.Namoyishchilar ko‘chalarni to‘sib, xavfsizlik kuchlariga tosh otdi, politsiya mashinalari va axlat qutilariga o‘t qo‘ydi, hukumatga qarshi shiorlar aytishdi.
Amini o‘tgan hafta poytaxtda Eron axloq politsiyasi tomonidan ayollarning sochlarini hijob yoki ro‘mol, qo‘l va oyoqlarini keng kiyim bilan o‘rashni talab qiluvchi qonunni buzganlikda ayblanib hibsga olingan edi.
Qo‘lga olinganidan uch kun o‘tgach, Amini vafot etdi. Rasmiylarga ko‘ra, o‘limga "yurak yetishmovchiligi" sabab bo‘lgan. Ammo marhumning qarindoshlari qizning yuragida hech qachon muammo bo‘lmaganini da’vo qilmoqda. Ular jabrlanuvchini kaltaklash oqibatida vafot etgan, deb taxmin qilmoqda.
BMT Inson huquqlari bo‘yicha Oliy komissari vazifasini bajaruvchi Nada Al-Nashif Amini politsiya tomonidan kaltaklangani haqidagi xabarlarga ishora qildi.
Amerika Qo‘shma Shtatlari o‘tgan hafta hibsga olingandan keyin vafot etgan eronlik Mahsa Amini o‘limi sababli Eronning axloq politsiyasiga qarshi sanksiyalar kiritdi. Keyinroq Kanada ham bir necha o‘nlab Eron rasmiylari, biznes vakillari, shuningdek, Eron axloq politsiyasiga qarshi sanksiyalar joriy etishga qaror qildi.