Eronda “Mossad” josusi qatl etildi
Olam
−
16 iyun 10958 2 daqiqa
Eronda “Mossad” foydasiga josuslik qilishda ayblangan erkak qatl etildi. Bu haqda “Mizan” nashri xabar berdi.
Nashrga ko‘ra, gap 2024 yil dekabrida hibsga olingan Ismoil Fekri ismli shaxs haqida bormoqda. U Eron haqidagi maxfiy ma’lumotlarni pul evaziga uzatgan va Isroil razvedkasi – “Mossad”ning ikki xodimi bilan aloqada bo‘lgan.
Tergov ma’lumotlariga ko‘ra, Fekri “Mossad” zobitlaridan biriga shifrlangan aloqa orqali Eronning yashirin ob’ektlari, shtab-kvartiralari joylashuvi, shuningdek, ayrim shaxslar haqidagi ma’lumotlarni yetkazishga harakat qilgan.
Fekrining advokati sud hukmini bekor qilishga harakat qilgan, biroq Eron Oliy sudi apellyatsiyani rad etib, hukmni tasdiqlagan. Bugun, 16 iyun kuni ertalab u osish orqali qatl etilgan. Ma’lumotlarga ko‘ra, Ismoil Fekri fors millatiga mansub bo‘lgan.
Qayd etish joiz, avvalroq Eron poytaxti Tehronda “Mossad” agentlarining dron yig‘adigan ustaxonasi topilgandi. Ustaxonada katta miqdorda dron qismlari tayyor holatda saqlanayotgan bo‘lgan. U yerda nafaqat dronlar, balki qo‘lbola portlovchi moslamalar ham tayyorlangan.
Eslatib o‘tamiz, joriy yilning may oyi oxirida Eron rasmiylari Isroil foydasiga josuslik qilganlikda ayblangan Pedram Madani ismli shaxsga nisbatan chiqarilgan o‘lim hukmi ijro etilganini ma’lum qilgandi.
Shuningdek, biroz oldinroq ham Eron Oliy sudi hukmi bilan Isroil maxsus xizmati bilan hamkorlik qilganlikda ayblangan Mohsen Langarneshin qatl etilgandi. Langarneshin tergov davomida aybini tan olgan. Sud vakillari uning “Mossad” foydasiga olib borgan josuslik faoliyati, terrorchi guruhlarni qo‘llab-quvvatlagani, shuningdek, Isroil razvedkasi bilan aloqa uchun foydalanilgan maxfiy kommunikatsiya liniyasi aniqlanganini ma’lum qilgan.
Live
Barchasi