Eronda “Mossad” uchun josuslik qilgan erkak qatl etildi

Olam

image

Kecha, 30 aprel kuni ertalab Eron Oliy sudi hukmi bilan Isroil maxsus xizmati bilan hamkorlik qilganlikda ayblangan Mohsen Langarneshin qatl etildi. Bu haqda mamlakat adliya idorasiga tayanib, “PressTV” xabar berdi.

Bayonotga ko‘ra, Langarneshin 2020 yilning kuzida “Mossad” bilan hamkorlikni boshlagan, maxsus tayyorgarlikdan o‘tgan va o‘sha yilning dekabrida birinchi topshiriqni bajargan. Tergov materiallariga ko‘ra, u ikki yil davomida Isroil razvedkasi xodimlari va agentlari bilan Eron hududida faol aloqada bo‘lgan, shuningdek, 2022 yil 22 may kuni Eron Islom inqilobi qo‘riqchilari korpusi polkovnigi Hasan Sayyod Xodayining o‘ldirilishida ishtirok etgan.

Bayonotda ta’kidlanishicha, Langarneshin tergov davomida aybini tan olgan. Sud vakillari uning “Mossad” foydasiga olib borgan josuslik faoliyati, terrorchi guruhlarni qo‘llab-quvvatlagani, shuningdek, Isroil razvedkasi bilan aloqa uchun foydalanilgan maxfiy kommunikatsiya liniyasi aniqlanganini ma’lum qilgan.

“Langarneshin o‘z kuratorlari topshirig‘iga binoan muayyan ob’ektlarni suratga olgan, Isroil tomoniga anonim sim-kartalar, mobil telefonlar va boshqa aloqa vositalarini topshirgan”, deyiladi hujjatda.

U Isroil razvedkasi vakillari bilan uchrashish uchun Nepal va Gruziyaga ham chiqqani ma’lum qilingan.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq Turkiya Milliy razvedka tashkiloti va Istanbul Bosh prokuraturasi hamkorligida olib borilgan tadbir natijasida Eron razvedka xizmati foydasiga josuslik qilgani aniqlangan 5 kishi qo‘lga olingandi. Eron Islom inqilobi qo‘riqchilari korpusining razvedka xodimlari bilan aloqada bo‘lgani ma’lum bo‘lgan gumonlanuvchilar Turkiyadagi harbiy bazalar va muhim strategik hududlar, shuningdek, xorijdagi ahamiyatli joylarga oid ma’lumotlarni qo‘lga kiritib, ularni Eron razvedkasiga yetkazib bergani aniqlangan.


Maqola muallifi

Teglar

Eron josuslik Mossad

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing