Eronda boshi uchun $3 mln mukofot tayinlangan yozuvchi AQSHda pichoqlandi
Olam
−
12 avgust 2022
14694Bugun, 12 avgust kuni “Buker” mukofoti sovrindori, yozuvchi, islom olami vakillarining qattiq tanqidiga uchragan kitob muallifi Salmon Rushdiy Amerika Qo‘shma Shtatlarida hujumga uchradi. Bu haqda “The Washington Post” nashri xabar berdi.
Qayd etilishicha, voqea Nyu-York shahrida joylashgan Chotakua institutidagi tadbir vaqti yuz bergan. Yozuvchi sahnada vaqti o‘tirganlardan biri yoniga chiqib, uni pichoqlagan.
“Rushdiyning bo‘yniga pichoq sanchilgan va vertolyotda shifoxonaga olib ketilgan. Uning ahvoli hozircha ma’lum emas”, deyiladi xabarda.
Voqea guvohi bo‘lgan “Associated Press” muxbirining aytishicha, noma’lum shaxs Rushdiyni jamoatchilikka tanishtirish vaqtida unga hujum qilgan va kaltaklagan. Hujum qilgan shaxs qo‘lga olingan.
Rushdiy Hindistonning Mumbay shahrida tug‘ilgan. U 1988 yilda yozgan “Shayton oyatlari” nomli romani bilan tanqidlarga uchragan. Uning asarlari Hindiston, Pokiston, Saudiya Arabistoni, Somali va boshqa mamlakatlarda taqiqlangan.
Roman nashr etilganidan bir yil o‘tib, Eron yetakchisi Oyatulloh Ruhulloh Humayniy fatvo (farmon) berib, kitobning bosmadan chiqishiga aloqador bo‘lganlarning hammasini qatl qilishga buyurgan. Eronning turli jamg‘armalari Rushdiyning boshi uchun mukofotni 3,3 mln dollargacha ko‘targan.
Shundan so‘ng, G‘arb mamlakatlarida, xususan, AQSH va Britaniyadagi mazkur kitob sotiladigan do‘konlarga o‘t qo‘yish va hujumlar boshlangan, Yaponiyada esa kitob tarjimasi muallifi o‘ldirilgan.
1990 yilda Rushdiy Islom diniga hurmat so‘zlarini izhor qilib, omma oldida kechirim so‘radi, biroq Eron Hukumati fatvoni bekor qilmadi.
LiveBarchasi