Eron JCHdagi o‘yinlarini AQSHda o‘tkazadi – Infantino
Sport
−
01 may 1554 1 daqiqa
Kecha, 30 aprel kuni Xalqaro futbol federatsiyasi (FIFA) prezidenti Janni Infantino Kanadaning Vankuver shahrida o‘tkazilgan kongressda Eron milliy terma jamoasi 2026 yilgi jahon chempionatida ishtirok etishini va o‘yinlarini AQSH hududida o‘tkazishini ma’lum qildi. Uning bu haqdagi so‘zlari FIFA saytida keltirildi.
“Eron 2026 yilgi jahon chempionatida qatnashadi va albatta, AQSHda o‘ynaydi. Biz birlashishimiz va odamlarni birlashtirishimiz kerak. Bu – bizning umumiy mas’uliyatimiz”, degan Infantino.
AQSH va Isroilning Eronga qarshi harbiy operatsiyasi boshlangach, mamlakatning turnirdagi ishtiroki savol ostida qolgan edi. Mart oyida Eron Sport vaziri Ahmad Donyomali milliy jamoa musobaqada qatnashmasligini bildirgan. Keyinchalik esa eronliklar o‘yinlarni Meksika hududiga ko‘chirishni istayotgani haqida xabarlar tarqaldi.
Aprel oyida Infantino Eron terma jamoasi turnirga “mutlaqo albatta” kelishini ta’kidlagan. Shundan so‘ng Eronda jamoaning jahon chempionatiga to‘liq tayyorligi e’lon qilindi.
Eron terma jamoasi G guruhidan joy olgan bo‘lib, unda Belgiya, Yangi Zelandiya va Misr jamoalari bilan bahs olib boradi.
2026 yilgi jahon chempionati 11 iyundan 19 iyulgacha AQSH, Kanada va Meksikada bo‘lib o‘tadi.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq AQSH Davlat kotibi Marko Rubio AQSH Eron futbolchilarining 2026 yilgi Jahon chempionatida ishtirok etishiga to‘sqinlik qilmasligi haqida aytgandi.
Live
Barchasi