Eron Jahon chempionatini to‘xtatish bilan tahdid qildi
Sport
−
11 iyun 11653 2 daqiqa
Eron milliy terma jamoasi 2026 yilgi Jahon chempionatida o‘z jamoasiga qarshi qaratilgan ruxsatsiz bayroqlar yoki shiorlar paydo bo‘lgan taqdirda o‘yinni davom ettirishdan bosh tortishi mumkin. Bu haqda “Jerusalem Post” nashri xabar berdi.
Ma’lum qilinishicha, Eron sport vaziri Ahmad Dunyamoliy bu borada FIFA’ga rasmiy ogohlantirish yuborilganini bildirgan.
“Biz FIFA’ga Eron ishtirokidagi Jahon chempionati o‘yinlarida norasmiy bayroqlar ko‘tarilsa yoki milliy terma jamoaga qarshi shiorlar yangrasa, jamoa vakillari o‘yinni to‘xtatishni talab qilishi mumkinligini ma’lum qildik”, deydi Dunyamoliy.
Uning ta’kidlashicha, FIFA Eron tomoniga Misrga qarshi uchrashuv vaqtida bunday holatlar yuz bermasligi bo‘yicha kafolat bergan.
Avvalroq Eron va Misr futbol federatsiyalari FIFA’ga murojaat qilib, Sietl shahrida bo‘lib o‘tadigan o‘zaro uchrashuv davomida Pride harakati bilan bog‘liq tadbirlarning stadion atrofida o‘tkazilishining oldini olishni so‘ragan edi. Uchrashuv Pride Week haftaligi davriga to‘g‘ri keladi.
Shuningdek, joriy yilning aprel oyida Kanadaning Vankuver shahrida o‘tgan FIFA kongressi oldida Eronning Jahon chempionatida ishtirok etishiga qarshi norozilik namoyishlari bo‘lib o‘tgan va namoyishchilar jamoani musobaqadan chetlatishni talab qilgan edi.
Ma’lumot uchun, Eron terma jamoasi 2026 yilgi Jahon chempionatida “G” guruhidan o‘rin olgan. Jamoa musobaqadagi ishtirokini 15 iyun kuni Los-Anjelesda Yangi Zelandiyaga qarshi bahs bilan boshlaydi. Keyinchalik, 21 iyun kuni Belgiyaga qarshi, 26 iyun kuni esa Sietl shahrida Misrga qarshi maydonga tushadi.
Live
Barchasi