Eron yadro dasturi bo‘yicha kelishuvdagi muammoli talabidan voz kechdi – OAV
Olam
−
20 avgust 2022
6497Eron yadroviy kelishuvni (Qo‘shma keng qamrovli harakatlar rejasi ) qayta tiklash bo‘yicha muzokaralar doirasida Islom inqilobi posbonlari korpusini (IIPK) AQSHdagi terrorchilik tashkilotlari ro‘yxatidan olib tashlash talabidan voz kechdi. Bu haqda CNN AQSH ma’muriyatidagi yuqori lavozimli amaldorga tayanib xabar berdi.
Telekanalning ta’kidlashicha, Eron tomonining bu talabi yadroviy kelishuvni tiklash harakatlarida asosiy to‘siq bo‘layotgandi.
Oq uy vakilining so‘zlariga ko‘ra, Yevropa Ittifoqi tomonidan taklif etilgan yadroviy kelishuv loyihasiga javoban Eron IIPKni AQSHdagi terrorchi tashkilotlar ro‘yxatidan chiqarishni talab qilmagan.
Joriy yilning 15 avgust kuni Eron Yevropa diplomatiyasi rahbari Jozep Borrelga yadroviy bitimni tiklash bo‘yicha kelishuv loyihasining taklif qilingan matniga o‘z javobini jo‘natdi, shuningdek, muzokaralardagi “qolgan masalalar” bo‘yicha o‘z fikrini bildirdi. “Bloomberg” xabariga ko‘ra, YeI javobni konstruktiv deb atagan va keyingi qadamlar bo‘yicha AQSH bilan maslahatlashayotganini bildirgan.
Birlashgan Millatlar Tashkiloti Xavfsizlik Kengashining besh doimiy a’zosi va Germaniya 2015 yilda Eron bilan yadroviy dastur bo‘yicha inqirozni hal qilish uchun yadroviy kelishuvga erishgan edi. AQSHning sobiq Prezidenti Donald Tramp 2018 yilda ushbu kelishuvdan chiqishga qaror qilgan. Amerika ma’muriyatining amaldagi rahbari Jo Bayden bir necha bor AQSHni yadroviy kelishuvga qaytarishga tayyorligini bildirgan.
LiveBarchasi