Eron vitse-prezidenti 10 kun ichida iste’foga chiqdi
Olam
−
12 avgust
6504Eronning strategik masalalar bo‘yicha vitse-prezidenti Muhammad Javod Zarif tayinlanganidan atigi 10 kun o‘tib, iste’foga chiqdi. Bu haqda ABC nashri хабар berdi.
Qayd etilishicha, 2013–2021 yillar mobaynida Eron tashqi ishlar vaziri lavozimida faoliyat yuritgan Zarif yangi lavozimidagi faoliyatidan ko‘ngli to‘lmagan.
Nashrga ko‘ra, Mas’ud Pezeshkiyon joriy yilning 5 iyul kuni bo‘lib o‘tgan prezidentlik saylovlarida g‘alaba qozonganidan so‘ng, Zarif zimmasiga yangi Vazirlar Mahkamasiga nomzodlarni tanlash vazifasi yuklangan va u 11 avgust kuni tasdiqlash uchun parlamentga taqdim etilgan.
U X’dagi sahifasida yangi vazirlar mahkamasini shakllantirish bo‘yicha maslahat kengashi rahbari sifatidagi faoliyati natijalaridan qoniqmaganini yozdi.
“Men ishim natijalaridan qoniqmadim... Boshqa masalalar qatori bu meni universitetdagi yo‘limni davom ettirishga majbur qildi”, deydi u.
Ma’lumot uchun, Muhammad Javod Zarif tashqi ishlar vaziri lavozimidan ham o‘z ixtiyori bilan ketgandi. O‘shanda u vatandoshlaridan xizmatni davom ettirishga qobil emasligi uchun kechirim so‘ragan.
Eronda Zarif AQSH bilan munosabatlarni yaxshilash tarafdori sifatida tanilgan. Aynan u Barak Obama davrida Erondan sanksiyalarni olib tashlashga xizmat qiluvchi “yadroviy bitim”ni imzolashga muvaffaq bo‘lgan. Biroq Donald Tramp Oq uyga kelganidan so‘ng Zarifning G‘arb bilan muzokaralarga intiluvchanligi Eronda tanqidlarga uchragan.