Eron O‘zbekistonga viza tartibini soddalashtirishni taklif qildi
Jamiyat
−
24 iyul 2839 1 daqiqa
Eron o‘z mamlakati fuqarolari uchun viza masalalarini soddalashtirish taklifini bildirdi. Bu haqda kecha, 23 iyul kuni O‘zbekiston Respublikasi Turizm qo‘mitasi raisi Abdulaziz Aqqulov va Eron Islom Respublikasining O‘zbekistondagi Favqulodda va muxtor elchisi Muhammadali Iskandariy o‘rtasidagi uchrashuv chog‘ida so‘z bordi.
Qayd etilishicha, uchrashuv davomida ikki mamlakat o‘rtasidagi turizm sohasidagi hamkorlikni yanada mustahkamlash, mavjud salohiyatdan samarali foydalanish hamda sayyohlar almashinuvini oshirish masalalari atroflicha muhokama qilingan.
Xususan, mamlakatlarning turizm salohiyatini targ‘ib etish, sayyohlar almashinuvini oshirish, to‘g‘ridan-to‘g‘ri aviaqatnovlarni ko‘paytirish, shuningdek, tibbiyot turizmi yo‘nalishlarida hamkorlikni rivojlantirish masalalari yuzasidan fikr almashilgan.
Uchrashuvda Eron tomoni Eron fuqarolari uchun viza masalalarini soddalashtirish taklifini bildirgan.
Shuningdek, O‘zbekistonning turizm salohiyatini Eron bozorida keng targ‘ib etish, ikki mamlakatning boy tarixi va madaniy salohiyatidan kelib chiqib, mamlakatlar o‘rtasida sayyohlar almashinuvni izchil oshirish bo‘yicha kelishib olingan.
Eslatib o‘tamiz, 2024 yil 4 fevraldan Eron 28 davlat, jumladan Belarus, Qatar, Qirg‘iziston, Meksika, BAA, Saudiya Arabistoni, Serbiya, O‘zbekiston va Yaponiya bilan viza rejimini bir tomonlama bekor qilgandi.
Biroq Eron fuqarolari O‘zbekistonga kirishlari uchun viza talab qilinadi. Shuningdek, eronliklar O‘zbekistonga sayyohlik va boshqa maqsadlarda kelish uchun soddalashtirilgan tartibda elektron viza olishlari mumkin.
Live
Barchasi