Eron Saudiya Arabistoni neft ob’ektlariga zarba berish bilan tahdid qildi
Olam
−
11 Oktabr
11053Eron Saudiya Arabistoni va boshqa Fors ko‘rfazi davlatlarini Isroilga Eron Islom Respublikasiga qarshi hujumda yordam bersa, mamlakatlarning neft ob’ektlariga qarshi javob zarbalari bilan yuzlashishlari haqida ogohlantirdi. Bu haqda Eron yuqori lavozimli amaldorlariga tayanib, “Reuters” xabar berdi.
Nashrning yozishicha, Saudiya Arabistoni qirollik saroyiga yaqin tahlilchi Ali Shihaba ham bu ma’lumotni tasdiqlagan. U agar Fors ko‘rfazi davlatlari Isroil uchun o‘z havo hududlarini ochsa, Eron buni urush harakati sifatida qabul qilishini ta’kidlagan. Shihabaga ko‘ra, Tehron Riyodni Yamanda yoki Iroqda joylashgan ittifoqchilari ham javob berishi mumkinligidan ogohlantirgan.
Ma’lumotlarga ko‘ra, Isroilning Eronga hujum qilish imkoniyatlari 9 oktyabr kuni Saudiya Arabistonining amaldagi rahbari – valiahd shahzoda Muhammad bin Salmon va Eron Tashqi ishlar vaziri Abbos Aroqchi o‘rtasidagi muzokaralar markazida bo‘lgan.
Shundan so‘ng Saudiya Arabistoni, Qatar va BAA AQSHga Isroilning Eronni nishonga olishi uchun o‘zlarining havo hududi va harbiy infratuzilmasidan foydalanishlariga ruxsat bermasligini ma’lum qilgan.
Biroq Fors ko‘rfazidagi uchta manbaning “Reuters”ga ma’lum qilishicha, Isroil Iordaniya yoki Iroq orqali zarbalar berishi mumkin, ammo Saudiya Arabistoni, Qatar va BAA havo hududidan foydalanish strategik jihatdan zarur emas. Tahlilchilarning fikriga ko‘ra, Isroil havo orqali yonilg‘i quyishdan foydalanishi mumkin, bu esa qiruvchi samolyotlarga Qizil dengiz ustidan Hind okeaniga uchib, Fors ko‘rfaziga borib qaytishga imkon beradi.
“Patriot mudofaa tizimlari va raketaga qarshi himoya bo‘lishiga qaramay, Fors ko‘rfazidagi barcha neft ob’ektlarini himoya qilish murakkab vazifaga aylanmoqda. Shuning uchun, masalaga asosiy yondashuv diplomatik shaklda bo‘lmoqda ya’ni bu orqali mintaqadagi davlatlarning Eronga tahdid solmasligini tushuntirish”, deydi nashr manbalari.
Fors ko‘rfazidagi manbalardan biriga ko‘ra, ular raketalar urushi markazida qolishi mumkin. Ayniqsa, agar Isroil Eronning neft ob’ektlariga zarba bersa, bu yanada jiddiyroq xavotirli bo‘ladi.
Qayd etilishicha, Saudiya Arabistoni yoki BAAning neft ob’ektlariga hujum qilish jahon bozoridagi neft yetkazib berish bilan bog‘liq muammolarga olib kelishi mumkin. 2019 yilda Yaman husiylarining Saudiya Arabistonidagi Aramco neft konlariga zarbasi dunyo bo‘ylab neft yetkazib berishni 5 foizga to‘xtatib qo‘ygan. Shu bilan birga, Eron neft infratuzilmasiga zarba berilishi Xitoyga salbiy ta’sir qilishi mumkin, chunki u Eron neftining eng katta iste’molchisi hisoblanadi.
Eslatib o‘tamiz, 1 oktyabr kuni Eron Isroilga 180 dan ortiq raketa uchirgan edi. Tehronning ma’lum qilishicha, asosiy nishon harbiy infratuzilma bo‘lgan. Isroil mudofaa armiyasi ham ikki harbiy bazaga hujum uyushtirilganini tasdiqlagan.
Shundan so‘ng, Isroil bu hujumga javob choralarini va’da qilgan. Mamlakat Mudofaa vaziri Yoav Galant Eronga qarshi choralarning o‘ta falokatli, aniq va kutilmagan bo‘lishini aytib, Eron “nima bo‘lganini va uning qanday qilib sodir bo‘lganini tushunmay qolishini” ta’kidlagan. “The Wall Street Journal” esa Isroil Eronning raketa hujumiga javoban, Islom Respublikasi hududidagi neft va boshqa strategik ob’ektlarga hujum qilishi mumkinligi haqida xabar bergan.