Eron Prezidenti majburiy hijob to‘g‘risidagi qonunga veto qo‘ydi
Olam
−
17 dekabr
8095Eron Prezidenti Mas’ud Pezeshkiyon majburiy hijob to‘g‘risidagi qonunga qarshi chiqdi. Bu haqda “Bild” nashri xabar berdi.
Qayd etilishicha, Eron hukumati avvalroq Pezeshkiyonning saylovoldi va’dalariga zid ravishda “Iffat va hijob to‘g‘risida”gi qonun loyihasini ishlab chiqqan. Unga ko‘ra, davlat endilikda islomiy kiyinish qoidalarini buzganlarni yanada qattiqroq jazolaydi. Yangi qoidalar nafaqat sochlarni ko‘rsatishni taqiqlaydi, balki, bo‘yin, bilaklar yoki to‘piqlarni berkitish majburiyatini ham yuklaydi.
Biroq Eron Prezidenti Mas’ud Pezeshkiyon ushbu qonun yangi ijtimoiy g‘alayonlarni keltirib chiqarishi mumkinligidan xavotirlanib, unga veto qo‘ydi.
Eronning “Hamshahri” nashrining xabar berishicha, Prezident masalani Erondagi asosiy qarorlarni qabul qiluvchi Oliy milliy xavfsizlik kengashiga havola etgan. Bu qadam qonunning qisman bekor qilinishiga olib kelishi mumkin. Yangi qonunchilik ayniqsa taniqli shaxslar uchun qattiq choralarni, jumladan, katta jarimalar, chet elga chiqishni taqiqlash va mol-mulkni musodara qilishni nazarda tutadi.
Yaqinda eronlik musiqachi Parastu Ahmadiyning hijobsiz chiqish qilgani va bu videoni YouTube’da e’lon qilgani jamoatchilik e’tiborini tortdi. U guruh a’zolari bilan birga “islom me’yorlarini buzgani” uchun hibsga olingan, ammo tez orada ozod etilgan.
Jamoatchilik bosimi va hukumatdagi kelishmovchiliklar tufayli qonunning qabul qilinishi vaqtincha to‘xtatildi. Jazo tahdidlariga qaramay, Eronning yirik shaharlarida ko‘plab ayollar majburiy hijob o‘rashga qarshi ochiqchasiga norozilik bildirmoqda.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Suriyada qurolli muxolifat qo‘mondonligi ayollar uchun majburiy hijobni taqiqlab, ularning erkin kiyinish huquqini e’lon qilgandi. Bundan tashqari, yangi hokimiyat vakillari ayollarning tashqi ko‘rinishi bilan bog‘liq e’tirozlarni bildirish mumkin emasligini belgilab qo‘ygan.
LiveBarchasi