Rossiya 4 ming eronparast jangchini Suriyadan Tehronga olib o‘tdi – Putin
Olam
−
20 dekabr
4750Suriyada Asad rejimi ag‘darilganidan so‘ng Rossiya Federatsiyasi Xmeymim harbiy bazasidan Eron tarafdori bo‘lgan to‘rt ming jangchini Tehronga yetkazdi. Bu haqda Rossiya Prezidenti Vladimir Putin kecha, 19 dekabr kuni matbuot anjumani chog‘ida aytib o‘tdi.
Putin Suriyadagi vaziyat va Rossiya Federatsiyasining bu davlatdagi pozitsiyasiga e’tibor qaratdi. Uning ta’kidlashicha, ba’zilar “Suriyada sodir bo‘layotgan hamma narsani qandaydir muvaffaqiyatsizlik, Rossiyaning mag‘lubiyati sifatida ko‘rsatishni xohlaydilar”.
“Sizni ishontirib aytamanki, bu unday emas. Va sababini sizga aytaman. Axir biz Suriyaga 10 yil avval boshqa mamlakatlarda, aytaylik, Afg‘onistonda kuzatganimizdek, u yerda terroristik anklav yaratilmasligi uchun kelganmiz. Umuman olganda, maqsadimizga erishdik”, dedi Prezident.
Putin Rossiya Federatsiyasining Suriyada quruqlikdagi qo‘shinlari yo‘qligini eslatdi.
“U yerda ikkita bazamiz bor: havo kuchlari va dengiz. Quruqlik tarkibi Suriyaning qurolli kuchlaridan iborat bo‘lib, ba’zilari, barchamizga ma’lumki, bu yerda hech qanday sir yo‘q, eronparast harbiy tuzilmalar. Hatto bir paytlar u yerdan maxsus operatsiyalar kuchlarini ham olib chiqib ketganmiz. Biz u yerda shunchaki jang qilganimiz yo‘q”, dedi u.
Rossiya Prezidenti Halab viloyatining muxolifat nazoratiga o‘tishi haqida gapirar ekan, bu hudud 350 jangchi tomonidan qo‘lga kiritilgani, Asad rejimining 30 mingga yaqin Suriya askari va eronparast bo‘linmalari esa “janjalsiz chekinganini aytdi.
“Qurolli muxolifat guruhlari Halabga yaqinlashganda, Halabni taxminan 30 ming kishi himoya qildi, 350 nafar jangchi shaharga kirdi. Hukumat qo‘shinlari va ular bilan birga eronparast bo‘linmalar jangsiz orqaga chekindi, o‘z pozitsiyalarini portlatib yubordi va u yerni tark etdi”, dedi u.
Shu bilan birga, Putinning qo‘shimcha qilishicha, bunday holat butun Suriyada kuzatilgan, “ayrim to‘qnashuvlar bo‘lgan kichik istisnolar bundan mustasno”.
“Agar ilgari, masalan, o‘sha eronlik do‘stlarimiz bizdan o‘z bo‘linmalarini Suriya hududiga ko‘chirishda yordam berishimizni so‘ragan bo‘lsa, endi ular bizdan ularni u yerdan olib chiqishimizni so‘rashdi. Xmeymim bazasidan 4 ming eronlik jangchini Tehronga olib ketdik. Eronparast deb atalgan bo‘linmalarning bir qismi jangsiz Livanga, ba’zilari Iroqqa ketdi”, dedi Rossiya Federatsiyasi Prezidenti.
Bundan tashqari, Putin Suriyadagi oson bo‘lmagan vaziyatga, shuningdek, bu mamlakatda Rossiya harbiy bazalarini saqlab qolish mavzusiga e’tibor qaratdi.
“U yerga tinchlik va osoyishtalik kelishiga chin dildan umid qilamiz. Biz u yerdagi vaziyatni nazorat qilayotgan barcha guruhlar, mintaqadagi barcha davlatlar bilan aloqalarni davom ettiramiz. Ularning aksariyati Suriyada harbiy bazalarimiz qolishidan manfaatdor ekanliklarini aytishadi. Bilmadim, bu haqda o‘ylashimiz kerak, chunki bu mamlakatdagi vaziyatni hozir nazorat qilayotgan va kelajakda nazorat qiladigan siyosiy kuchlar bilan munosabatlarimiz qanday rivojlanishini o‘zimiz hal qilishimiz kerak – manfaatlarimiz mos kelishi kerak. Agar biz u yerda qolsak, demak, o‘zimiz turgan davlat manfaati uchun nimadir qilishimiz kerak. Qanday manfaatlar bo‘ladi? Biz ular uchun nima qila olamiz? Bu har ikki tomonning mashaqqatli izlanishlarini kutayotgan savol”, deydi Rossiya Federatsiyasi Prezidenti.
Rossiya yetakchisi Suriyadagi harbiy bazalardan foydalanishni ham taklif qildi.
“Hozirdanoq biz biror narsa qila olamiz, jumladan, ushbu bazalardan foydalanish, va biz buni allaqachon hamkorlarimizga, jumladan, Suriya va qo‘shni mamlakatlarda joylashganlarga taklif qilgan edik, biz, aytaylik, Xmeymim havo bazasidan Suriyaga gumanitar yordamni yetkazib berish uchun foydalanishni taklif qildik. Xuddi shu narsa Tartusdagi dengiz bazasiga ham tegishli”, dedi u.
Eslatib o‘tamiz, Putin Bashar Asad va oilasiga Rossiyadan boshpana berganidan keyin haligacha u bilan uchrashmaganini, lekin buni rejalashtirayotganini aytgandi.