Eron Rossiyaga ikkita sun’iy yo‘ldosh yubordi
Olam
−
12 Oktabr
12900Eron Rossiyaga mamlakatda ishlab chiqarilgan ikkita sun’iy yo‘ldosh yubordi. Bu haqda "Tasnim" xabar berdi.
Nashrning yozishicha, "Kavsar" va "Hudhud" sun’iy yo‘ldoshlari Eronning xususiy kompaniyasi tomonidan ishlab chiqilgan bo‘lib, 11 oktyabr kuni Yer orbitasiga uchirish uchun Rossiyaga yuborilgan.
"Bu sun’iy yo‘ldoshlarning uchirilishi Eronning kosmik sanoati tarixida muhim marra hisoblanadi, chunki bu mamlakatning xususiy kosmik sektori tomonidan amalga oshirilgan ilk katta qadamdir", deyiladi xabarda.
Qayd etilishicha, "Kavsar" sun’iy yo‘ldoshi qishloq xo‘jaligi rivoji va aniq xarita yaratish uchun mo‘ljallangan. "Hudhud" esa internet orqali aloqa (IoT) uchun xizmat qiladigan kommunikatsion sun’iy yo‘ldosh.
"Kavsar" sun’iy yo‘ldoshi yuqori aniqlikdagi masofadan kuzatuv yo‘ldoshi bo‘lib, uni rivojlantirish 2019 yilda boshlangan. "Hudhud" esa "Kavsar"ning ilg‘or texnologiyalarini qo‘llab, bir yil ichida ishlab chiqilgan.
Loyihani Eronning xususiy texnologiya kompaniyasida 25 yoshli muhandislar jamoasi boshqargan.
"Kavsar" yuqori aniqlikda tasvirga olish imkoniyatiga ega bo‘lib, uning qo‘llanilish sohalariga qishloq xo‘jaligi, tabiiy resurslar boshqaruvi, atrof-muhitni kuzatish va tabiiy ofatlarni boshqarish kiradi.
“Bu sun’iy yo‘ldoshlarning uchirilishi Eronning kosmik texnologiyalar sohasida o‘z-o‘zini ta’minlashini sezilarli darajada rivojlantirishi, ish o‘rinlarini yaratishi va mamlakatning xalqaro miqyosdagi kosmik sanoatdagi nufuzini oshirishi kutilmoqda”, deyiladi xabarda.
Ma’lumot uchun, Rossiya joriy iyl fevral oyida va 2022 yilda Eronning yo‘ldoshlarini orbitaga chiqargan edi. AQSH rasmiylari o‘sha paytda Rossiya va Eron o‘rtasidagi fazoviy hamkorlikdan xavotir bildirib, bu yo‘ldosh nafaqat Rossiyaga Ukrainani kuzatishda yordam berishini, balki Eronga Isroil va kengroq mintaqa bo‘ylab potensial harbiy nishonlarni ham kuzatish imkoniyat yaratishini aytib, e’tiroz bildirgan.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Eron Inqilobiy gvardiyasi tomonidan qurilgan raketa yordamida orbitaga tadqiqot sun’iy yo‘ldoshi uchirilgani xabar qilingan edi.