Eron prezidentligiga nomzodlardan yana biri o‘yindan chiqdi

Olam

image

Ertaga, 28 iyun kuni Eronda bo‘lib o‘tadigan muddatidan avvalgi prezidentlik sayloviga o‘z nomzodini qo‘ygan Tehron shahar meri Alirizo Zakaniy ham prezidentlik poygasidan chiqdi. Bu haqda u o‘zining X ijtimoiy tarmog‘ida ma’lum qildi.

Zakaniyning aytishicha, marhum prezident Ibrohim Raisiy yo‘lini davom ettirish uning nomzodidan ko‘ra muhimroq. 

Oldinroq, sobiq qonunchi va 53 yoshli amaldagi vitse-prezident Amir-Husayn Qozizoda Hoshimiy inqilobiy kuchlar hamjihatligini saqlab qolishga yordam berish va Inqilob kuchlari konsensusi Oliy Kengashi hamda ayrim olimlar va vatanparvarlarning yozma iltimosiga javoban saylovni tark etganini bildirgandi. Shu bilan Zakaniy saylov poygasini tark etgan ikkinchi nomzodga aylandi.

Hozirda saylovdagi nomzodlardan Eron Oliy yetakchisining Milliy xavfsizlik oliy kengashidagi vakili Said Jaliliy, parlamentning amaldagi spikeri Muhammad Bag‘er G‘olibaf, Eron sobiq sog‘liqni saqlash va tibbiy ta’lim vaziri, parlament a’zosi Mas’ud Pezeshkiyon hamda sobiq ichki ishlar vaziri, din arbobi Mustafa Purmuhammadiylar qolmoqda.

Ma’lumot uchun, saylovga bir kun qolganida “jimlik kuni” e’lon qilinadi, bu vaqtda saylovoldi tashviqoti olib borish taqiqlanadi. Prezidentlik saylovlari 28 iyun kuni bo‘lib o‘tadi. Ikkinchi tur, agar zarurat tug‘ilsa, 5 iyul kuni o‘tkaziladi.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq Eron sobiq prezidenti Ahmadinajod saylovda qatnashishini ma’lum qilgandi. Shuningdek, mamlakat prezidentligiga nomzod sifatida birinchi ayol ro‘yxatdan o‘tkazilgani haqida xabar berilgandi. Biroq ularning ikkalasi ham nomzodlarning yakuniy ro‘yxatiga kiritilmadi.


Maqola muallifi

Teglar

Eron saylov prezident

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing