Eron prezidentligiga nomzodlardan biri saylov poygasidan chiqdi
Olam
−
27 iyun
5918Ertaga, 28 iyun kuni Eronda bo‘lib o‘tadigan muddatidan avvalgi prezidentlik sayloviga o‘z nomzodini qo‘ygan Amir-Husayn Qozizoda Hoshimiy saylovlarda ishtirok etmasligini ma’lum qildi. Bu haqda u X ijtimoiy tarmog‘idagi sahifasida ma’lum qildi.
Sobiq qonunchi va 53 yoshli amaldagi vitse-prezident inqilobiy kuchlar hamjihatligini saqlab qolishga yordam berish va Inqilob kuchlari konsensusi Oliy Kengashi hamda ayrim olimlar va vatanparvarlarning yozma iltimosiga javoban saylovni tark etganini bildirgan.
Amir-Husayn Qozizoda Hoshimiy marhum prezident Ibrohim Raisiyning vitse-prezidentlaridan biri hamda Shahidlar va faxriylar ishlari jamg‘armasi rahbari bo‘lib ishlagan. U 2021 yilgi prezidentlik saylovlarida ishtirok etib, 1 milliondan kam ovoz bilan oxirgi o‘rinni egallagandi. Eronda muddatidan oldin saylovlar prezident Ibrohim Raisiy 19 may kuni aviahalokatda vafot etganidan so‘ng tayinlangan.
Nomzodlarni ro‘yxatga olish 30 may – 3 iyun kunlari bo‘lib o‘tdi. Nomzodlarning yakuniy ro‘yxati 11 iyun kuni e’lon qilindi. Saylovoldi tashviqoti ikki hafta davomida – 12 iyundan 26 iyungacha davom etdi.
Ma’lumot uchun, saylovga bir kun qolganida “jimlik kuni” e’lon qilinadi, bu vaqtda saylovoldi tashviqoti olib borish taqiqlanadi. Prezidentlik saylovlari 28 iyun kuni bo‘lib o‘tadi. Ikkinchi tur, agar zarurat tug‘ilsa, 5 iyul kuni o‘tkaziladi.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Eron sobiq prezidenti Ahmadinajod saylovda qatnashishini ma’lum qilgandi. Shuningdek, mamlakat prezidentligiga nomzod sifatida birinchi ayol ro‘yxatdan o‘tkazilgani haqida xabar berilgandi. Biroq ularning ikkalasi ham nomzodlarning yakuniy ro‘yxatiga kiritilmadi.
LiveBarchasi