Eron Prezidenti Moskvaga boradi
Olam
−
05 dekabr 2023
4049Eron Prezidenti Ibrohim Raisiy joriy yilning 7 dekabr kuni Moskvaga boradi. Bu haqda “Tasnim” agentligi xabar berdi.
Bildirilishicha, tashrif Rossiya Prezidenti Vladimir Putinning taklifiga binoan amalga oshiriladi. Tomonlar iqtisodiy sohadagi hamkorlikni, shuningdek, mintaqaviy va xalqaro muammolarni, xususan, Falastin masalasini hamda G‘azo sektoridagi so‘nggi voqealarni muhokama qilishni rejalashtirgan. Raisiyga hamrohlik qiladigan delegatsiya tarkibi hozircha oshkor etilmagan.
Ma’lumot uchun, Rossiya va Eron Prezidentlari oxirgi marta 16 oktyabr kuni muzokara o‘tkazgan. Ular telefon orqali suhbat chog‘ida G‘azo sektoridagi vaziyatni muhokama qilgan. O‘shanda Raisiy Isroilning G‘azoda sodir etayotgan jinoyatlarini to‘xtatish kerakligini aytgan va hozirgi mojaro keng ko‘lamli harbiy to‘qnashuvga aylanib ketishi mumkinligidan ogohlantirgan.
O‘z navbatida, Rossiya rahbari mojaroning mintaqaviy urushga aylanib ketishi ehtimolidan jiddiy xavotir bildirib, Moskva Falastin-Isroil mojarosini tezroq hal etish uchun barcha konstruktiv fikrli tomonlar bilan ishlashga tayyorligini aytgan.
Eslatib o‘tamiz, Ibrohim Raisiyning 28 noyabr kungi Turkiyaga amalga oshirishi kerak bo‘lgan tashrifi qoldirilgandi. Eron Tashqi ishlar vaziri Husayn Amir Abdullohiyon Prezidentning Turkiyaga safari BMT Xavfsizlik kengashining G‘azo sektoridagi vaziyatga bag‘ishlangan yig‘ilishi tufayli qoldirilganini aytdi.