Eron xavfsizlik masalasida FIFA’dan kafolat so‘ramoqda
Sport
−
08 may 1115 2 daqiqa
Eron futbol federatsiyasi prezidenti Mehdi Toj FIFA prezidenti Janni Infantino bilan AQSH, Kanada va Meksikada bo‘lib o‘tadigan Jahon chempionatida Eron terma jamoasining xavfsizligini ta’minlash masalasini muhokama qilish niyatida ekanini bildirdi. Bu haqda TRTarabi xabar berdi.
Bir hafta oldin Kanada rasmiylari Mehdi Taj va yana ikki federatsiya vakiliga Toronto aeroportida mamlakatga kirishga ruxsat bermagan. Ular Vankuver shahrida o‘tkazilgan FIFA kongressiga yo‘l olgan edi.
Turnir taqvimiga ko‘ra, Eron terma jamoasi guruh bosqichida AQSHning Inglvud shahrida Yangi Zelandiya (16 iyun) va Belgiya (21 iyun) jamoalariga qarshi maydonga tushadi. Keyin esa Sietl shahrida Misr (27 iyun) bilan o‘ynashi rejalashtirilgan.
Mehdi Tojning aytishicha, Eron terma jamoasi Jahon chempionatida ishtirok etishga jiddiy yondashmoqda, ammo buning uchun FIFA’dan to‘liq xavfsizlik kafolatlari talab qilinadi.
“Biz Jahon chempionatida ishtirok etishga jiddiy qaraymiz, ammo bularning barchasi Janni Infantino bilan uchrashuvimizga bog‘liq. FIFA bizga turnirda ishtirok etish uchun zarur xavfsizlik kafolatlarini berishi kerak. Mezbon davlatlarda, xususan Kanadadagi kabi holatlar qayta takrorlanmasligi kafolatlanishi lozim. Agar bizga hurmat bilan munosabatda bo‘linsa va davlatimizga qarshi haqoratlar bo‘lmasa, ishtirok etishda muammo bo‘lmaydi. Aks holda, bunga mos javob qaytaramiz”, deydi Toj.
Uning qo‘shimcha qilishicha, Eron jamoasi faqat FIFA qoidalariga amal qiladi va siyosiy bosimlardan mustaqil ravishda harakat qiladi.
“Bizning AQSH bilan hech qanday aloqamiz yo‘q. Milliy terma jamoa jahon chempionatiga chiqish huquqini o‘z mehnati bilan qo‘lga kiritgan. Biz Tramp yoki boshqalarga emas, FIFA’ga javob beramiz. Agar haqoratli holatlar takrorlansa, biz Kanadada ko‘rsatgan munosabatimizni yana takrorlashimiz mumkin va hatto jamoaning qaytishi ehtimoli ham bor”, deydi u.
Avvalroq, Eron Sport vaziri Ahmad Donyamali joriy geosiyosiy vaziyat sababli Jahon chempionatida ishtirok etish qiyinlashishi mumkinligini aytgan edi. Bu bayonot AQSH Prezidenti Donald Tramp Eronning turnirdagi ishtirokini noo‘rin deb ataganidan so‘ng yangragan.
Keyinchalik Osiyo futbol konfederatsiyasi vakili Vindzor Jon Eron hali ham Jahon chempionatida ishtirok etishni rejalashtirayotganini ma’lum qilgandi.
Live
Barchasi