Eron xalqaro hamjamiyatdan Isroil hujumlarini qoralashni so‘radi
Olam
−
16 iyun 3355 4 daqiqa
Eron jahon hamjamiyatidan Isroilning hujumlarini qoralashni so‘raydi va BMT Nizomi hamda xalqaro huquqning asosiy tamoyillariga sodiq qolishini ta’kidlaydi. Bu haqda Eron Islom Respublikasi Tashqi ishlar vazirligi matbuot kotibi Ismoil Baqoiyning “Tehran Times” gazetasida chop etilgan maqolasida so‘z boradi.
U Isroilning harakatlari xalqaro huquq, xususan, xalqaro gumanitar huquq va xalqaro inson huquqlari hamda BMT Nizomining ochiqdan-ochiq va qo‘pol ravishda buzilishi hisoblanishini qayd etgan.
“Eng dahshatli holatlardan biri – bu turar joy binosiga qilingan Isroil hujumi natijasida 60 nafar tinch aholi, jumladan, 35 ayol va bola shahid bo‘lganidir. Harbiy operatsiyalarning yangi to‘lqinida ham bu rejim infratuzilmalar va sanoat ob’ektlarini nishonga olmoqda”, deydi TIV rasmiysi.
Shuningdek, bu hujum uchun asos sifatida keltirilayotgan Xalqaro atom energiyasi agentligi tomonidan bir necha bor tekshirilib, tinch maqsadlarga yo‘naltirilganligi isbotlangan Eronning yadroviy dasturi ob’ektlari hozir ham xalqaro inspeksiyaning eng qat’iy va keng qamrovli nazorati ostida ekani ta’kidlangan. Uning aytishicha, Isroil tomonidan agentlik nazorati ostidagi fuqarolik yadroviy ob’ektlariga qilingan hujum, qasddan qilingan tajovuzkor harakat bo‘lib, xalqaro huquq va yadroviy xavfsizlik va muhofaza tizimining ochiq buzilishi hisoblanadi.
“Xalqaro atom energiyasi agentligi bosh direktori Rafael Grossi BMT Xavfsizlik Kengashining so‘nggi favqulodda yig‘ilishida ta’kidlaganidek, agentlikning GC(XXIX)/RES/444 va GC(XXXIV)/RES/533 rezolyutsiyalari ochiq-oydin tasdiqlaydiki, tinch maqsadlardagi yadroviy ob’ektlarga qilingan harbiy hujum BMT Nizomi, Agentlik Nizomi va xalqaro huquqning asosiy prinsiplarini buzishdir. Bu rezolyutsiyalar bunday hujumlarning yadroviy xavfsizlikka xavfi, mintaqaviy va global barqarorlikka salbiy ta’sirini alohida ta’kidlaydi.
Bu hujumning tabiati hech qanday shubhaga o‘rin qoldirmaydi: bu harakat xalqaro huquqni ochiqdan-ochiq buzgan tajovuzdir. Qonunchilikning aniq chegaralari buzildi”, deyiladi maqolada.
Shuningdek, Isroilning kengroq harakat kontekstiga ham e’tibor berish kerakligi urg‘ulangan. Ayni damda Isroil rejimi G‘azo sektorida sodir etilgan genotsid ayblovi bilan Xalqaro sudda javobgarlikka tortilmoqda. Shuningdek, Bosh vazir Binyamin Netanyaxu boshchiligidagi yetakchilar urush jinoyatlari va insoniyatga qarshi jinoyatlarda, jumladan, tinch aholini qasddan nishonga olish, ochlikdan urush quroli sifatida foydalanish va tizimli ravishda jamoaviy jazolar berish ayblovlari bilan to‘qnash kelmoqda. Bu harakatlar alohida emas, balki harbiy zulm, institutsional jazosizlik va xalqaro huquq, inson huquqlari va gumanitar huquqqa nisbatan muntazam bee’tiborlik siyosati doirasida amalga oshirilmoqda.
”Global huquq tizimi shubha ostida qolgan bir paytda, huquqiy prinsiplarni tanlab qo‘llash va siyosiy manfaatlarni ustuvor qilish jahon tartibining asosiy qadriyatlariga – barqarorlik, javobgarlik va qonun ustuvorligiga tahdid solmoqda.
Eron Islom Respublikasi Isroil rejimi tomonidan qilingan noqonuniy tajovuzga javoban, BMT Nizomining 51-moddasida e’tirof etilgan o‘zini-o‘zini himoya qilish huquqidan qonuniy ravishda foydalandi. Bu asosiy huquq har qanday davlatga qurolli hujumga qarshi o‘z hududi va suverenitetini himoya qilish imkonini beradi. Eronning javobi xalqaro huquq qoidalariga to‘liq mos, asosli, zarur va mutanosib tarzda amalga oshirildi”, deyiladi maqolada.
Eron rasmiysining qayd etishicha, fors davlatining javob choralari aniq va hisob-kitob bilan ishlab chiqilgan bo‘lib, Isroilning harbiy tahdidi va tajovuziga mutanosib bo‘lgan. Javob hujumlari faqat qonuniy harbiy nishonlarga, jumladan, qo‘mondonlik va nazorat markazlari, strategik harbiy inshootlar va hujum bilan bog‘liq operatsiya infratuzilmalariga qaratilgan. Eron Islom Respublikasi butun operatsiya davomida xalqaro gumanitar huquq tamoyillariga sodiq qolgan va tinch aholiga yetkaziladigan zararni kamaytirishni ustuvor vazifa deb bilgan.
“BMT Xavfsizlik Kengashining bu tajovuzkor harakatga qarshi qat’iy munosabat bildira olmagani – xalqaro tinchlik va xavfsizlikni ta’minlashdagi o‘z asosiy mas’uliyatini bajara olmaganligini ko‘rsatadi. Ilgari bu kengash tez va yakdil qaror qabul qilgan. 1981 yilda Isroil tomonidan Iroqning Osirak yadroviy reaktoriga qilingan hujumdan keyin, Kengash 487-sonli rezolyutsiyani qabul qilib, bu hujumni qoralagan va tinch maqsaddagi yadroviy ob’ektlar daxlsizligini ta’kidlagan edi. Bu barchaga oydek ravshan. Biroq bugun Kengash sukut saqlamoqda va muzokara jarayonlari siyosiy bosim hamda bir guruh kuchli davlatlarning qo‘llab-quvvatlashi tufayli to‘xtab qolgan. Bu sukut xalqaro ko‘p tomonlama tizim asoslariga jiddiy tahdiddir.
Eron jahon hamjamiyatidan bu tajovuzkor harakatni qoralashni so‘raydi va BMT Nizomi hamda xalqaro huquqning asosiy tamoyillariga sodiq qolishini ta’kidlaydi. Milliy suverenitet muhokamaga qo‘yilishi mumkin emas. Agentlik nazoratidagi yadroviy ob’ektlar nishonga olinmasligi lozim. Kuch diplomatiya o‘rnini bosishiga yo‘l qo‘yib bo‘lmaydi. Isroil rejimi o‘z xatolari va qasddan qilgan provokatsiyalari orqali xalqaro munosabat qoidalarini o‘zgartirishga yo‘l topmasligi kerak. Tinchlik yo‘li javobgarlik bilan boshlanadi va xalqaro tizim buni amalga oshirish irodasiga ega ekanini namoyon etishi shart”, deyiladi maqolada.
Live
Barchasi