Rossiya Xitoydan Eron va Afg‘onistonga boradigan yo‘l uchun pul so‘radi

Olam

image

Rossiya Xitoyga Kaspiy dengizi bo‘ylab Eronga va undan keyin Janubiy Osiyo mamlakatlariga olib boruvchi avtomagistral qurilishini moliyalashtirishda ishtirok etishni taklif qilmoqda. Bu haqda Rossiya hukumati raisining o‘rinbosari Marat Xusnullin Qozonda bo‘lib o‘tgan “Rossiya — Islom dunyosi” iqtisodiy forumida so‘z ochdi.

“Kaspiy bo‘ylab sharqiy avtomobil koridorini yaratish masalasi juda o‘tkir bo‘lib turibdi – Rossiya, Qozog‘iston, Turkmaniston orqali Eronga chiqish va undan keyin Afg‘oniston hamda Pokistonga yo‘l olish... Biz xitoylik hamkasblarimiz bilan nafaqat Xitoy tomonining qurilishda ishtirok etishini, balki mablag‘ jalb qilish imkoniyatlarini ham muhokama qildik”, deydi Bosh vazir o‘rinbosari.

So‘z Kreml tomonidan 20 yildan ortiq vaqt davomida muhokama qilib kelinayotgan va 40 milliard dollarga baholangan “Shimol — Janub” xalqaro transport koridorining (XTK) sharqiy tarmog‘ini rivojlantirish haqida bormoqda. Yangi yo‘nalishning asosini Moskvani Astraxan bilan bog‘laydigan, uzunligi 1381 km bo‘lgan M6 (R22) “Kaspiy” federal trassasi tashkil etishi kerak. Bundan keyin koridor Qozog‘iston va Turkmaniston orqali Eron portlariga hamda Afg‘oniston va Pokistonga olib boruvchi quruqlikdagi yo‘llarga chiqishi ko‘zda tutilgan.

“Kommersant’” nashrining xabar berishicha, Rossiya avtoyo‘lning ayrim uchastkalari, ko‘priklar va tutashuv uzellari qurilishiga Xitoy kapitali hamda texnologiyalarini jalb qilishni rejalashtirmoqda. Bunda, jumladan, XXR davlat banklari va Osiyo infratuzilmaviy investitsiyalar banki tomonidan moliyalashtirilishga umid qilinmoqda.

Xitoy albatta o‘z navbatida “Bir makon, bir yo‘l” tashabbusi doirasida O‘zbekiston, Qozog‘iston va Turkmanistondagi transport loyihalariga faol investitsiya kiritib kelmoqda. Rossiya esa ichki resurslar taqchilligi hamda sanksiyalar tufayli logistikani keng ko‘lamda qayta qurish zarurati fonida o‘z yo‘nalishlarini xalqaro koridorlarga integratsiya qilishga va tashqi moliyalashtirishni jalb etishga urinmoqda.

Ma’lumot uchun, Rossiya Ukrainaga bostirib kirganidan so‘ng Yevropa yo‘nalishidagi savdosini boshqa tomonga burishga majbur bo‘ldi. Agar 2022 yilgacha eksport yuklarining qariyb 40 foizi “do‘st bo‘lmagan” mamlakatlar orqali o‘tgan bo‘lsa, 2024 yilga kelib bu ulush 20-25 foizgacha qisqardi. Ayni paytda Eron va Markaziy Osiyo orqali amalga oshiriladigan tashuvlar ikki baravardan ziyodga oshdi.

Rasmiylar “do‘stona” mamlakatlar orqali o‘tadigan yuk oqimi ulushini 80 foizga yetkazishni rejalashtirmoqda. Yangi Kaspiy koridorining rivojlantirilishi ushbu yo‘nalishni o‘zgartirishning bir qismi sifatida ko‘rilmoqda: u Moskvadan Eronga yuklarni yetkazib berish muddatini amaldagi kombinatsiyalashgan yo‘nalishlarga nisbatan 15–20 foizga qisqartirish imkonini beradi.

“Shimol — Janub” XTKni tashkil etish to‘g‘risidagi hukumatlararo bitim 2000 yilda Rossiya, Hindiston va Eron tomonidan imzolangan. Keyinchalik ishtirokchilar soni 14 tagacha kengaygan. Loyihaning dastlabki maqsadi Fors ko‘rfazi va Janubiy Osiyo davlatlaridan o‘tadigan tranzit yuk oqimlarini Rossiya hududi orqali Yevropaga jalb qilishdan iborat bo‘lgan.


Maqola muallifi

Teglar

Afg'oniston Rossiya Eron Xitoy Janubiy Osiyo

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing