Rossiya yadroviy kuchlarni qo‘llash bo‘yicha mashg‘ulotlarni boshladi
Olam
−
15:37 2383 2 daqiqa
Rossiya yadroviy kuchlarni tayyorlash va qo‘llash bo‘yicha harbiy mashg‘ulotlarni boshladi. Bu haqda mamlakat Mudofaa vazirligi xabar berdi.
Qayd etilishicha, yadroviy kuchlarga tegishli qo‘shin birlashmalari va harbiy qismlarni vazifalarni bajarishga tayyor holatga keltirish, ularni har tomonlama ta’minlash, shuningdek, Rossiya hududidagi poligonlar bo‘ylab ballistik va qanotli raketalarni uchirish rejalashtirilgan.
Bundan tashqari, Belarus hududida joylashtirilgan yadroviy qurollarni birgalikda tayyorlash va qo‘llash masalalari ham ishlab chiqiladi.
Mashqlarning asosiy maqsadlari quyidagilar:
- Qo‘shinlarning umumiy tayyorgarlik darajasini tekshirish;
- Rahbariyat va operativ tarkibning ehtimoliy raqibni tiyib turish bo‘yicha ko‘nikmalarini takomillashtirish;
- Yadroviy kuchlarga tegishli harbiy qismlarni jangovor tayyor holatga keltirish;
- Ballistik va qanotli raketalarni poligonlar bo‘ylab sinov tarzida uchirish.
Mashg‘ulotlarga strategik raketa qo‘shinlari, Shimoliy flot, Tinch okeani floti, Uzoq masofali aviatsiya qo‘mondonligi, Leningrad va Markaziy harbiy okruglarining ayrim kuchlari tuzilmalari jalb qilinishi aytilgan.
Vazirlikka ko‘ra, jami hisobda 64 mingdan ortiq harbiy xizmatchi va 7 800 dan ziyod harbiy texnika ishtirok etadi. Ular qatoriga 200 dan ortiq raketa uchirish qurilmalari, 140 dan ziyod uchish apparati, 73 ta kema va 13 ta suv osti kemasi kiradi. Bildirilishicha, mashqlar 21 maygacha davom etadi.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Ukraina Prezidenti Vladimir Zelenskiy Rossiya Belarusni Moskva tomonida turib harbiy harakatlarga yanada faolroq jalb qilish uchun yangi sa’y-harakatlarni amalga oshirayotganini ma’lum qilgandi.
Live
Barchasi