Eron Quvaytdagi aeroportga hujum qildi (video)

Olam

image

Eronning Islom inqilobi qo‘riqchilari korpusi Quvayt va Bahrayndagi AQSH harbiy bazalariga zarba berganini ma’lum qildi. Bu haqda “Tasnim” xabar berdi.

Quvayt hukumati esa hujum oqibatida mamlakatdagi xalqaro aeroport nishonga olingani va jabrlanganlar borligini bildirdi.

OAVning xabar berishicha, korpus AQSHning Quvayt va Bahrayndagi harbiy ob’ektlariga raketa va dronlar yordamida hujum uyushtirgan.

Tashkilot bayonotiga ko‘ra, hujumlarning biri AQSH Harbiy-dengiz kuchlari Beshinchi floti shtabiga qaratilgan. Eron tomoni bu zarbalarni Qeshm orolining janubida joylashgan neft tankeri va korpusning telekommunikatsiya minorasiga berilgan hujumlarga javob sifatida izohlagan.

Keyinchalik Islom inqilobi qo‘riqchilari korpusi AQSHning “Panaya” nomli neft tankeriga ham zarba berilganini ma’lum qilgan.

“Avval ham ogohlantirgan edik: agar hujum bo‘lsa, javobimiz boshqacha va yanada og‘irroq bo‘ladi. Biz aynan shunday qildik. Bu javoblar saboq bo‘lishi kerak”, deyiladi korpus bayonotida.

Shu bilan birga, AQSH Markaziy qo‘mondonligi X ijtimoiy tarmog‘ida e’lon qilgan bayonotida Eron hujumlari o‘z maqsadiga erisha olmaganini ta’kidlagan.

“Amerika qo‘shinlariga hujum qilishga uringan Eron dronlarining navbatdagi to‘lqini belgilangan nishonlarga yetib bormadi. Markaziy qo‘mondonlikning havo hujumidan mudofaa tizimlari bir nechta dronni muvaffaqiyatli urib tushirdi va AQSH harbiylari hamda texnikasining xavfsizligini ta’minladi”, deyiladi xabarda.

Biroq, “Anadolu Ajansı” agentligi Eron dronlari hujumi oqibatida Quvaytdagi aeroport zarar ko‘rganini ma’lum qilgan.

Quvayt Mudofaa vazirligi vakili, polkovnik Saud Abdulaziz al-Atvonning aytishicha, Quvayt xalqaro aeroportining T1 yo‘lovchi terminali Eronning kamikadze dronlari tomonidan uyushtirilgan keng ko‘lamli hujumga uchragan.

Uning so‘zlariga ko‘ra, terminal binosiga jiddiy zarar yetgan, shuningdek, ko‘plab odamlar jarohat olgan.

Polkovnikning ta’kidlashicha, Quvayt Qurolli kuchlari vaziyat rivojini diqqat bilan kuzatmoqda hamda mamlakat xavfsizligi va barqarorligini ta’minlash uchun to‘liq jangovar shay holatda turibdi.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq Eron Islom inqilobi qo‘riqchilari korpusi AQSHning Quvayt va Bahrayndagi harbiy bazalariga raketa va dronlar yordamida zarba berganini ma’lum qilgandi.


Maqola muallifi

Teglar

Quvayt Bahrayn

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing