Eron Isroilni sulhni buzganlikda aybladi
Olam
−
08 aprel 4724 2 daqiqa
Eron Tashqi ishlar vaziri Abbos Aroqchi Pokiston armiyasi qo‘mondoni Osim Munir bilan telefon orqali muloqotda Isroil tomonidan sulhning buzilishini muhokama qildi. Bu haqda mamlakat Tashqi ishlar vazirligi xabar berdi.
“Isroilning Eron va Livanda o‘t ochishni to‘xtatish rejimini buzish holatlarini muhokama qildik”, deyiladi vazirlik bayonotida.
Qayd etish joiz, Eron va AQSH o‘rtasida o‘t ochishni to‘xtatish e’lon qilinganidan so‘ng Isroil armiyasi ham hujumlarni to‘xtatishini ma’lum qilgan edi, biroq “Hizbulloh” harakatiga qarshi operatsiyasini davom ettirdi. Isroil mudofaa armiyasi (SAXAL) hozirgi keskinlik boshlanganidan beri Livandagi ob’ektlarga eng yirik zarbalar seriyasi berilganini e’lon qildi. Aviatsiya va artilleriya mamlakat janubidagi o‘ndan ortiq aholi punktlariga zarba berdi, halok bo‘lganlar va yaralanganlar borligi xabar qilindi.
Shu bilan birga, OAV xabarlariga ko‘ra, Isroil amerikaliklar bilan birgalikda Eron janubidagi neftni qayta ishlash zavodiga zarbalar bergan.
Kecha, 7 aprel kuni AQSH Prezidenti Donald Tramp Eron bilan ikki haftalik o‘zaro o‘t ochishni to‘xtatish bo‘yicha sulhga erishilganini e’lon qildi. Amerika yetakchisining aniqlik kiritishicha, ushbu qaror Pokiston Bosh vaziri Shahboz Sharifning taklifi hamda “Eron Islom Respublikasining Hormuz bo‘g‘ozini to‘liq, zudlik bilan va xavfsiz tarzda ochishga tayyorligi” inobatga olingan holda qabul qilingan. Eron davlat televideniyesining xabar berishicha, Tehron o‘t ochishni to‘xtatish bo‘yicha 10 ta shartni ilgari surgan va AQSH “ularga rozi bo‘lishga majbur bo‘lgan”. Ular orasida hujum qilmaslik tamoyili, Tehronning Hormuz bo‘g‘ozi ustidan nazorati, Eron hududida uranni boyitish, asosiy va ikkilamchi sanksiyalarni bekor qilish, tovon puli to‘lash, Amerika kuchlarini mintaqadan olib chiqib ketish kabi shartlar bor. Sharif Eron va AQSH delegatsiyalarini “barcha nizolarni hal qilish bo‘yicha yakuniy kelishuvga erishish” uchun 10 aprel kuni Islomobodga muzokaralar stoliga taklif qildi. CNN telekanali xabariga ko‘ra, Amerika delegatsiyasi tarkibidan vitse-prezident Jey Di Vens, prezidentning maxsus elchisi Stiv Uitkoff va Trampning kuyovi Jared Kushner o‘rin oladi.
Live
Barchasi