Eron Isroildan O‘zbekistonga jo‘natilgan o‘g‘itlarni musodara qildi

Olam

image

Eron shimoli-g‘arbidagi Bozorg‘on chegara punkti xodimlari Eron orqali O‘zbekistonga tranzit qilish uchun mo‘ljallangan Isroilda ishlab chiqarilgan kaliy nitrat yukini qo‘lga oldi. Bu haqda 15 aprel kuni e’lon qilingan Eron bojxona boshqarmasi (IRICA) hisobotiga tayanib, IRNA xabar berdi.

“Musodara qilish Eron hukumati Isroil rejimi tomonidan ishlab chiqarilgan yoki yetkazib beriladigan tovarlar importi va tranzitiga nisbatan cheklovlarni kuchaytirgan paytga to‘g‘ri keldi”, deyiladi xabarda.

Qayd etilishicha, Eron tomonidan bunday taqiq o‘tgan yili Isroilning G‘azoda falastinliklarga nisbatan shafqatsiz bosqini boshlaganidan keyin e’lon qilingan.

Eron va Isroil ziddiyatining keskinlashuvi

1 aprel kuni Isroil Damashqdagi Eron konsulligi binosiga havo hujumi uyushtirdi. Hujum oqibatida Eron inqilobi qo‘riqchilari korpusining 7 nafar a’zosi halok bo‘ldi, ulardan ikki nafari general darajasida edi.

Eron Isroilning konsullikka hujumi o‘z hududiga qilingan hujum ekanini va u o‘ch olishini aytdi.

Isroil ham Eron hujumlariga javob berishini e’lon qildi.

14 aprelga o‘tar kechasi Eron Isroilga yuzlab kamikadze dronlari, ballistik va qanotli raketalar bilan hujum uyushtirdi va ba’zi harbiy nishonlarga zarba berilganini aytdi.

Isroil hujumlarning aksariyati havo hujumidan mudofaa tizimlari tomonidan to‘xtatilganini bildirdi, biroq bitta raketa mamlakat janubidagi harbiy bazaga tegdi.

Eslatib o‘tamiz, oldinroq Turkiya Sanoat va savdo vazirligi G‘azo sektorida harbiy harakatlar to‘xtatilib, anklav aholisining gumanitar yordamdan foydalanishini ta’minlagunga qadar Isroilga 54 toifadagi tovarlar eksportiga cheklovlar joriy qilgandi. 


Maqola muallifi

Teglar

O'zbekiston Eron Isroil

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing