Eron Germaniyani terrorizmga da’vat qilishda aybladi
Olam
−
27 aprel 2023
4654Berlinning Germaniya fuqarosiga nisbatan o‘lim hukmiga munosabat bildirgani uchun Eron Germaniyani “terrorizmni qo‘zg‘atishda” va mamlakat ichki ishlariga aralashishda aybladi. Bu haqda Eron Tashqi ishlar vazirligi matbuot kotibi Nosir Kanani aytib o‘tdi.
Kananiga ko‘ra, Tehron terrorizmga qarshi kurash va jinoyatchilar uchun adolatni ta’minlash masalalarida hech kimdan ruxsat so‘ramaydi.
“Eron bir qator Germaniya rasmiylarining ma’lum terrorchiga nisbatan hukm chiqarilgani haqidagi da’volarini asossiz deb hisoblaydi. Berlinning pozitsiyasi butun dunyoda terrorizmni qo‘zg‘atmoqda”, degan Eron TIV matbuot kotibi Germaniyani “terrorizmga da’vat qilishni to‘xtatishga” chaqirib.
Ma’lumot uchun, Germaniya va Eron fuqaroligiga ega Jamshid Sharmahd Tehronda taqiqlangan “Tonder” va “Eron qirolligi kengashi” tashkilotlari yetakchisi deb hisoblanmoqda. Bu tashkilotlar Eron hukumati tomonidan 2008 yil 12 aprelda Sheroz shahrida terakt sodir etganlikda ayblanadi. Terakt oqibatida 14 kishi halok bo‘lgan, 21 eronlik yaralangan.
Eron razvedkasi 2020 yil iyul oyida Sharmahd xorijda hibsga olingani va mamlakatga olib kelingani haqida xabar bergan. Sharmahdning oilasi esa u BAAda o‘g‘irlanganini aytgan.
Eslatib o‘tamiz, joriy yilning fevralida Eron sudi Jamshid Sharmahdni o‘lim jazosiga hukm qilgandi. Shundan so‘ng Germaniya Tashqi ishlar vazirligi Eronning muvaqqat ishlar bo‘yicha vakilini chaqirtirdi, shuningdek, Eron elchixonasining ikki xodimini persona non grata, deb e’lon qildi. Berlin Tehronni o‘lim hukmini bekor qilishga chaqirdi. Germaniya kansleri Olaf Shols esa hukmni tanqid qilib, uni qabul qilib bo‘lmas, deb atadi.
LiveBarchasi
Medvedev Xitoyga bordi.
10:15