Eron erta tongda Isroilga zarba berdi. Qurbonlar bor 

Olam

image

Bugun, 16 iyun tongida Eronning navbatdagi raketa hujumi oqibatida Isroilda 4 kishi halok bo‘ldi, qariyb 90 kishi yaralandi. Bu haqda “Magen David Adom” tibbiyot xizmati xabar berdi. 

Qayd etilishicha, Eron  Isroil markaziga to‘rtta ballistik raketa bilan hujum uyushtirgan. Oqibatda ko‘p qavatli turarjoy binolari zararlangan, 4 kishi halok bo‘lgan, 87 kishi jarohat olgan. Halok bo‘lganlar – ikki nafar ayol va ikki nafar taxminan 70 yoshli erkak. Shuningdek, 30 yoshli ayol og‘ir ahvolda, yana 5 kishi o‘rtacha darajadagi jarohat bilan shifoxonaga yotqizilgan.

“Ynet” portalining aniqlik kiritishicha, Gush-Dan mintaqasi nishonga olingan. Bu hududga Tel-Aviv shahri ham kiradi. Xususan, Petax-Tikva shahrida binolar zararlangani qayd etilgan. Tel-Aviv ustida esa ikkita Eron raketasi portlagan. “The Times of Israel” ma’lumotiga ko‘ra, yana bir necha raketa Xayfa sohilbo‘yi hududiga tushgan. Eronning “Tasnim” nashri esa Xayfadagi elektr stansiyada yong‘in chiqqanini xabar qilgan.

Isroil aholisi mahalliy vaqt bilan ertalabki soat 4:10 dan 4:30 gacha boshpanalarda qolishga majbur bo‘lgan. Eron tomoni zarba Isroilning markaziy va shimoliy hududlariga qaratilganini bildirgan. Eron Islom inqilobi qo‘riqchilari korpusi (IIQK) bayonotiga ko‘ra, hujumda Isroil havo mudofaa tizimini chalg‘ituvchi yangi uslublar qo‘llanilgan.

Bungacha Eron Isroilning Bat-Yam shahriga ham hujum qilgan. Oqibatda 9 kishi halok bo‘lgan. Isroil armiyasi bunga javoban Eronning markaziy hududlaridagi raketa pozitsiyalariga hamda Tehronda joylashgan “Al-Quds” maxsus bo‘linmasining qo‘mondonlik punktlariga zarba bergan.

Eslatib o‘tamiz, Eron va Isroil o‘rtasidagi bu zarbalar almashinuvi joriy yilning 13 iyun tongida Isroil harbiylari “Sherlar olami” nomli operatsiyani boshlaganidan so‘ng avj oldi. Isroil Tehronni yadro qurolini yasayotganlikda aybladi. Eron bu ayblovlarni rad etib, “Haqiqiy va’da 3” nomli operatsiyani boshlaganini e’lon qildi.

CNN hisob-kitobiga ko‘ra, Eronning Isroilga qilgan hujumlari oqibatida hozirgacha kamida 14 kishi halok bo‘lgan, taxminan 400 kishi yaralangan. Eron Sog‘liqni saqlash vazirligi ma’lumotiga ko‘ra, Isroil zarbalarida Eronning o‘zida 224 kishi halok bo‘lgan, 1481 kishi jarohat olgan. Halok bo‘lganlar orasida 70 nafar ayol va bolalar ham bor.


Maqola muallifi

Teglar

Eron-Isroil Tel'-Aviv Gush-Dan

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing