“Dubay–Tel-Aviv” reysi: uchuvchilar janjali sabab samolyot Saudiyaga qo‘ndi

Olam

−

image

Avvalroq, Dubaydan Tel-Avivga uchayotgan Flydubai yo‘lovchi samolyoti favqulodda olib qochish signalini yuborib, Saudiya Arabistoni hududi tomon burilgani haqida xabar berilgan edi. Ma’lumotlarga ko‘ra, hodisaga uchuvchilar o‘rtasidagi janjal sabab bo‘lgan va samolyot Saudiya Arabistonining Tabuk aeroportiga yo‘naltirilgan. Bu haqda “Reuters” xabar berdi.

Qayd etilishicha, FZ1073 reysi parvoz vaqtida dastlab umumiy favqulodda holatni bildiruvchi signalni uzatgan. Oradan bir necha daqiqa o‘tib, noqonuniy aralashuv ehtimolini ko‘rsatuvchi ikkinchi signal ham yuborilgan.

“Flightradar24” ma’lumotlariga ko‘ra, Boeing 737 samolyoti Iordaniya havo hududi orqali Saudiya Arabistoniga uchgan va Tabuk aeroportiga qo‘nishidan oldin yana favqulodda signal uzatgan.

Isroil rasmiysi “Reuters”ga uchuvchilar o‘zaro janjallashganidan so‘ng favqulodda signallar yuborilganini ma’lum qilgan. Biroq signalni uchuvchilardan qaysi biri ataylab yuborgani hozircha noma’lum.

Flydubai vakili ham samolyot Tel-Avivga uchayotgan vaqtida hodisaga duch kelganini tasdiqlagan. Uning so‘zlariga ko‘ra, samolyot Tabuk aeroportiga xavfsiz qo‘ngan va bortdagi barcha yo‘lovchilar sog‘-salomat.

Isroil Bosh vaziri Binyamin Netanyaxu ham voqea yuzasidan maslahatlashuvlar o‘tkazgan. Uning devoni hodisa nazorat ostida ekanini bildirgan va Saudiya Arabistonidagi isroillik yo‘lovchilarni mamlakatga qaytarish uchun barcha choralar ko‘rilayotganini ma’lum qilgan.

“Reuters” suhbatlashgan yo‘lovchilardan birining aytishicha, uning qizi samolyot bortida baland ovozlarni eshitganini, erkaklardan biri pichoq ko‘targani va uchuvchilardan birini yiqitganini aytgan. Ushbu tafsilotlar hozircha mustaqil ravishda tasdiqlanmagan.


Maqola muallifi

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing