Tel-Avivdan Venaga uchgan samolyot Bolgariyada favqulodda qo‘ndi
Olam
−
11:40 670 1 daqiqa
Isroilning Tel-Aviv shahridan Avstriya poytaxti Venaga uchayotgan Austrian Airlines aviakompaniyasi samolyoti bortda bomba borligi haqidagi anonim xabardan so‘ng Bolgariyada favqulodda qo‘ndi. Bu haqda Isroilning “KAN News” nashri xabar berdi.
Ma’lum qilinishicha, samolyot kecha, 18 oktyabr kuni kechqurun Ben-Gurion aeroportidan havoga ko‘tarilgan. Bortda bomba borligi haqidagi xabar kelib tushgach, ekipaj parvozni davom ettirmaslikka qaror qilib, Sofiya aeroportiga qo‘ngan.
Bolgariya Transport va kommunikatsiyalar vazirligi ma’lumotiga ko‘ra, ekipaj Ruminiya chegarasi yaqinida portlash xavfi haqidagi xabarni olgan va favqulodda qo‘nish to‘g‘risida qaror qabul qilgan.
Austrian Airlines tarkibiga kiruvchi Lufthansa Group aviatsiya guruhi ham samolyot tahdid haqidagi xabar sabab qo‘nganini tasdiqlagan. Samolyot bortida 51 nafar yo‘lovchi va olti nafar ekipaj a’zosi bo‘lgan.
Kompaniya ma’lumotiga ko‘ra, samolyot xavfsizlik xizmatlari tomonidan tekshirilgan. Tekshiruvlar yakunlangach, yo‘lovchilar muqobil reys orqali Venaga yetkazilishi rejalashtirilgan.
Ma’lumotlarga ko‘ra, samolyot bortida Birlashgan Millatlar Tashkilotida chiqish qilishi kerak bo‘lgan yoshlar delegatsiyasi ham bo‘lgan.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Dubaydan Tel-Avivga uchayotgan Flydubai yo‘lovchi samolyoti favqulodda olib qochish signalini yuborib, Saudiya Arabistoni hududi tomon burilgani haqida xabar berilgan edi. Keyinroq samolyot xavfsiz qo‘ndirildi va uni qulatishga uringan boshqa uchuvchi qo‘lga olindi.
Live
Barchasi