Eron elchisi ochiq kiyingan jurnalist ayolga intervyu bergani uchun ishdan olindi – OAV (video)
Olam
−
30 mart
16083Eronning Ozarbayjondagi elchisi Abbos Musaviy hijobsiz ayolga intervyu bergani uchun o‘z lavozimidan ozod etildi. Bu haqda kecha, 29 mart kuni manbalariga tayanib, Eronning "Tasnim" agentligi xabar berdi.
Holat elchining Bakuda hijob o‘ramagan muxbir ayolga bergan intervyusidan so‘ng, Eron davlat matbuotida diplomatga qarshi keskin tanqidlar boshlanganidan ikki hafta o‘tib sodir bo‘ldi.
Musaviy 2020 yil avgustida Eronning Ozarbayjondagi Favqulodda va muxtor elchisi etib tayinlangan. Elchining diplomatik missiyasi aslida o‘tgan yilning avgust oyida yakuniga yetgan. Biroq, unga Ozarbayjon bilan munosabatlar normallashguncha o‘z lavozimida qolishi yuklatilgan.
Ozarbayjonning "Report" nashri diplomatik doiralarga tayanib, Musaviy Ozarbayjon Respublikasining Eron Islom Respublikasidagi elchixonasi faoliyatini qayta tiklamaguncha ishdan ketmasligini yozdi.
Nashrga ko‘ra, Baku telekanalining ayol boshlovchisi Sevinch Gulmammedovaning ishdan bo‘shatilgan elchi bilan suhbati tasvirlari ijtimoiy tarmoqlarda tez tarqalib, uning kiyinish uslubi Erondagi rejim tarafdorlari orasida norozilik uyg‘otgan. Bundan tashqari, ayolning hijobsiz bo‘lishi Eron hukumatini mensimaslik sifatida baholangan. Intervyu Eronning marhum yetakchisi Ruhulloh Xumayniy, amaldagi oliy rahnamo Oyatulloh Ali Xomanaiy va 2020 yilda Iroqda AQSH uyushtirgan dron hujumi oqibatida halok bo‘lgan Eronning oliy harbiy qo‘mondoni Qosim Sulaymoniy portretlari ostida tasvirga olingan.
Turli xorijiy rasmiylar bilan suhbatlar olib borgan jurnalist Gulmammedova hatto BAA va Pokiston elchilari bilan suhbat chog‘ida ham hijob kiymagani uchun tanqidga uchramaganini bildirgan. Jurnalist ijtimoiy tarmoqda ulashgan postiga ko‘ra, suhbat 8 fevral kuni bo‘lib o‘tgan, 14 martda omma e’tiboriga havola etilgan. Suhbatda Eronning Ozarbayjonga qarshi Armanistonni qurollantirish siyosati, 2023 yilning yanvarida Ozarbayjonning Erondagi elchixonasiga uyushtirilgan hujum, Erondagi 30-40 millionga yaqin ozarbayjon millatiga mansub fuqarolarning bugungi ahvoli haqida so‘z borgan.
Eslatib o‘tamiz, oldinroq Ozarbayjon diplomatik missiyasining xavfsizlik xizmati rahbarining o‘limi bilan nihoya topgan teraktdan bir yildan ko‘proq vaqt o‘tib, Ozarbayjon Tehronga elchi yuborishga rozi bo‘lgandi.
LiveBarchasi