Eron dunyoni internetsiz qoldirishi mumkin – CNN
Olam
−
14:30 4406 2 daqiqa
Eron Hormuz bo‘g‘ozi orqali o‘tgan kabellar uchun texnogigantlardan haq undirish niyatida, aks holda mamlakat ularni uzib qo‘yishi mumkin. Bu haqda CNN xabar berdi.
Telekanal ma’lumotlariga ko‘ra, Hormuz bo‘g‘ozi blokada qilinganidan keyin Eron jahon iqtisodiyotining yashirin arteriyalaridan birini monetizatsiya qilishga (undan daromad olishga) qaror qilgan. Gap Yevropa, Osiyo va Fors ko‘rfazi o‘rtasida katta hajmdagi internet-trafik hamda moliyaviy operatsiyalarni uzatuvchi suvosti kabellari haqida bormoqda.
Qayd etilishicha, Eron Hormuz bo‘g‘ozi ostidan o‘tkazilgan suvosti internet-kabellaridan foydalanganlik uchun dunyoning eng yirik texnologik kompaniyalaridan haq olmoqchi. Agar kompaniyalar pul to‘lamasa, ularga trafik uzilishi mumkinligi haqida mavhum tarzda tahdid qilinmoqda.
“Tehronning bo‘g‘ozdan daromad olish rejasi Google, Microsoft, Meta va Amazon kabi kompaniyalardan Eron qonunchiligiga rioya qilishni talab etadi. Shu bilan birga, suvosti kabellari bilan shug‘ullanuvchi kompaniyalar kabel yotqizgani uchun litsenziya to‘lovlarini to‘lashi shart bo‘ladi, ularni ta’mirlash va texnik xizmat ko‘rsatish huquqi esa eksklyuziv tarzda faqat Eron firmalariga beriladi”, deyiladi xabarda.
Telekanalning bildirishicha, kabellarning shikastlanishi butun dunyo bo‘ylab trillionlab dollarlik ma’lumotlar uzatilishiga va global internet tarmog‘iga ulanish imkoniyatiga salbiy ta’sir ko‘rsatishi mumkin.
“AQSH Prezidenti Donald Trampning Xitoydan qaytishi ortidan urush qayta boshlanishi mumkinligi haqidagi xavotirlar kuchayar ekan, Eron faqat harbiy kuch bilan cheklanib qolmay, o‘z ixtiyorida boshqa qudratli vositalar ham borligini tobora ko‘proq namoyish etmoqda. Bu qadam Hormuz bo‘g‘ozining nafaqat energiya resurslari eksporti uchun muhimligini ko‘rsatadi, chunki Tehron o‘zining geografik ta’sirini uzoq muddatli iqtisodiy va strategik qudratga aylantirishga intilmoqda”, deyiladi xabarda.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq AQSH Eronga tinchlik muzokaralarini qayta boshlash uchun bajarilishi lozim bo‘lgan 5 ta talabdan iborat ro‘yxatni topshirgani haqida xabar berilgan edi.