Eron Armaniston-Ozarbayjon chegarasiga kuzatuvchilarini yubormoqchi
Olam
−
04 Oktabr 2023
3826Eron Armaniston-Ozarbayjon chegarasiga o‘z kuzatuvchilarini yuborishga tayyor. Bu haqda respublika Qurolli kuchlari Bosh shtabi rahbari Muhammad Bag‘iriy ma’lum qildi.
Bag‘iriy Armaniston xavfsizlik kengashi kotibi Arman Grigoryan bilan uchrashuvda mintaqadagi vaziyatni muhokama qilgan.
“Janubiy Kavkaz mintaqasida Armaniston-Ozarbayjon chegarasidagi keskinlikni saqlab qolish nafaqat Armaniston va Ozarbayjon, balki mintaqadagi boshqa davlatlarning manfaatlariga ham to‘g‘ri kelmaydi”, degan Bag‘iriy.
Eron Tashqi ishlar vazirligining rasmiy vakili Nosir Kanani Chafi esa Qorabog‘dagi vaziyatni izohlar ekan, Tehronda mintaqadagi qochqinlarga yordam jo‘natish rejalari borligini aytan.
Ma’lumot uchun, Arman Grigoryan 1 oktyabrdan beri Tehronda. Tashrif chog‘ida u eronlik mavqedoshi Ali Akbar Ahmadiyon, shuningdek, respublika Tashqi ishlar vaziri Husayn Amir Abdullohian va mamlakat Prezidenti Ibrohim Raisiy bilan uchrashgan.
Qayd etish joizki, Eronning Ozarbayjon bilan munosabatlarida bir qancha mummolar bor. Shu yilning o‘zida ham o‘zaro aloqalar bir necha bor keskinlashgan. Yanvar oyida Ozarbayjonning Tehrondagi elchixonasiga qurolli hujum uyushtirilishi ortidan elchixona diplomatik faoliyatini to‘liq to‘xtatgan. Ozarbayjon Tashqi ishlar vaziri Jayhun Bayramovning Isroilga borgani ortidan esa munosabatlar yanada sovuqlashdi. Eron TIV matbuot kotibi Nosir Kanani Ozarbayjonni Isroil bilan Eronga qarshi harakat qilishga kelishganlikda aybladi. Shundan so‘ng Baku Kananining “haqiqatdan yiroq” bayonotlarini qat’iy qoralab, uning chiqishlari Ozarbayjon-Eron munosabatlarini inqirozga olib borish yo‘lidagi navbatdagi qadam ekanini bildirdi. Keyinchalik Eronning Bakudagi elchisi Sayid Abbos Musaviy Eron matbuotida Ozarbayjonga qarshi materiallar chop etilgani munosabati bilan Ozarbayjon Tashqi ishlar vazirligiga chaqirtirildi.
Eslatib o‘tamiz, oldinroq Ozarbayjon davlat matbuoti Tehrondagi elchixonaga qurolli hujum uyushtirgan jinoyatchi o‘lim jazosiga hukm qilingani haqida xabar bergan edi. Biroq Ozarbayjon Bosh prokuraturasi bu xabarlarni rad etdi.
LiveBarchasi