Eron AQSH bilan birodar. Ular bizga o‘z yomonliklarini to‘xtatishi kerak - Pezeshkiyon
Olam
−
18 Sentabr
5354Agar Vashington Tehronga dushman emasligini ko‘rsatsa, Eron AQSH bilan to‘g‘ridan-to‘g‘ri muzokaralar olib borishi mumkin. Bu haqda mamlakat Prezidenti Mas’ud Pezeshkiyon 16 sentyabr kuni Tehrondagi matbuot anjumanida ma’lum qildi.
Jurnalistlarning Tramp ma’muriyati 2018 yilda undan chiqqan JCPOA deb nomlanuvchi 2015 yilgi yadroviy kelishuvni qayta tiklash uchun AQSH bilan to‘g‘ridan-to‘g‘ri muzokaralar o‘tkazishni ko‘rib chiqasizmi, degan savoliga Pezeshkiyon shunday javob berdi:
“Biz AQSHga dushman emasmiz. Ular yaxshi niyatlarini amalda ko‘rsatib, bizga bo‘lgan adovatlarini to‘xtatsinlar. Biz amerikaliklar bilan ham birodarmiz”.
Prezident, shuningdek, Eronning yadroviy qurolga intilmayotgani haqidagi pozitsiyasini takrorladi. Uning so‘zlariga ko‘ra, Eron uranni faqat 60% soflikda boyitadi, bu hali ham qurol darajasidagi 90 foizdan past.
"Menimcha, biz ko‘p marta aytdik, biz buni umuman qilishni xohlamaymiz. Biz texnik va ilmiy ehtiyojlarimizni hal qilmoqchimiz, biz yadro qurolini qidirmayapmiz. Biz (yadroviy kelishuvda) yozilgan asosga amal qildik. Biz hali ham ushbu ramkalarni saqlashga intilamiz. Ularni yirtib tashlashdi, bizni nimadir qilishga majbur qilishdi”, deydi Pezeshkiyon.
Ayrim nashrlarning yozishicha, Vashington va Tehron o‘rtasidagi bilvosita muzokaralarni buzish uchun mo‘ljallangan Eronning Natanz yadroviy inshootiga Isroilning sabotaj hujumi ortidan Eron 2021 yilda uran boyitish darajasini 60 foizga oshirdi.
Iyul oyida lavozimga kirishgan Pezeshkiyon saylovoldi kampaniyasida AQSH va boshqa G‘arb davlatlari bilan sanksiyalarni yumshatish bo‘yicha muzokaralar olib borishga va’da bergan edi. U oldindan 2015 yilda Eron va bir guruh davlatlar, jumladan, Buyuk Britaniya, AQSH, Rossiya, Fransiya, Xitoy va Germaniya tomonidan imzolangan Eronning yadroviy dasturi bo‘yicha Qo‘shma keng qamrovli harakatlar rejasini (JCPOA) qayta tiklash tarafdori bo‘lgan. Bu kelishuv 2004 yilda G‘arb davlatlari Eronni yadroviy qurol ishlab chiqayotganlikda ayblagan va buning natijasida islomiy respublikaga qarshi sanksiyalar joriy qilingan va mamlakat xalqaro miqyosda yakkalanib qolgan inqirozga yakun yasagan edi. AQSHning avvalgi prezidenti Donald Tramp 2018 yilda mamlakatini shartnomadan chiqarishga qaror qilgan edi.
"Asosiy savol – bu dunyo bilan bog‘liq muammolarimizni hal qilishni xohlaymizmi yoki yo‘qmi, menimcha, biz mamlakat muammolarini hal qilish uchun boshi berk ko‘chadan chiqishimiz kerak", degan Pezeshkiyon saylovoldi chiqishlaridan birida.
Yadroviy kelishuvning qayta tiklanishi kontekstida Pezeshkiyon G‘arb davlatlari bilan muloqot zarurligi haqida gapirib, Islom respublikasining xalqaro yakkalanishini yengib o‘tishga va’da bergan. Ayrim tahlilchilarning e’tirof etishicha, yangi prezidentning islohotchilar lageriga a’zoligi va uning benuqson obro‘si Eron va G‘arb o‘rtasidagi munosabatlarning rivojlanishiga hissa qo‘shishi mumkin. Bundan tashqari, 2015 yilgi yadroviy kelishuv bo‘yicha ishlarni nazorat qilgan sobiq tashqi ishlar vaziri Muhammad Javod Zarif Prezident Pezeshkiyonning asosiy ittifoqchilaridan biri sanaladi.
Eron oliy rahnamosi Oyatulloh Ali Xomanaiy o‘tgan oy “dushman” bilan aloqa qilishning “zarar yo‘q”ligini aytib, unga muzokaralar olib borish uchun yashil chiroq yoqqanday bo‘ldi.
Ammo, masalaning yana bir tarafi ham borki, Pezeshkiyon gaplashishga tayyor bo‘lsa-da, uning AQSHda hech bo‘lmaganda yaqin orada tayyor sherigi bo‘lishi dargumon. Bayden ma’muriyati noyabrdagi saylovlar oldidan hech qanday o‘zgarishlarni amalga oshirishi kutilmaydi va Eronga qarshi sanksiyalarni oshirishda davom etmoqda.
Avvalgi Tramp ma’muriyati Islom Respublikasiga nisbatan qattiqqo‘l munosabatda bo‘lgan va sobiq prezident Tramp va uning vitse-prezidenti Jeyms Devid Vens saylovoldi tashviqoti chog‘ida Eronga nisbatan shafqatsiz izohlar berishgan.
LiveBarchasi