Eron Afg‘oniston va Pokistonning “yarashishiga” yordamlashmoqchi

Olam

image

Bugun, 18 oktyabr kuni Eron Tashqi ishlar vaziri Abbos Aroqchi va Afg‘onistondagi “Tolibon” muvaqqat hukumati tashqi ishlar vaziri Amirxon Muttaqi o‘rtasida telefon orqali suhbat bo‘lib o‘tdi. Bu haqda Eron Tashqi ishlar vazirligi xabar berdi.

Qayd etilishicha, muloqotda mintaqadagi so‘nggi voqealar va ikki davlat o‘rtasidagi munosabatlar muhokama qilingan. Eron vaziri Qobul va Islomobod o‘rtasidagi so‘nggi to‘qnashuvlardan xavotir bildirar ekan, mojaroning davom etishi butun mintaqaning barqarorligiga tahdid solishini bildirgan. Aroqchining so‘zlariga ko‘ra, Tehron keskinlikni kamaytirish va konstruktiv muzokaralarga ko‘maklashishga tayyor.

Muttaqi esa o‘z navbatida Afg‘oniston hukumati “harbiy to‘qnashuvlardan ko‘ra muloqot va tinchlik yo‘lini afzal ko‘radi”, deya qayd etgan.

Shuningdek, tomonlar ikki davlat hududidan oqib o‘tuvchi Hilmand daryosi bo‘yicha suv huquqi masalasini ham muhokama qilgan. Suhbat yakunida vazirlar ikki tomonlama aloqalarni mustahkamlash, chegaralarda xavfsizlikni ta’minlash hamda mintaqa mamlakatlarining ichki ishlariga xorijiy davlatlarning aralashuviga yo‘l qo‘ymaslik muhimligini ta’kidlagan.

Qayd etish joiz, o‘tgan hafta oxirida mojaroli va bahsli chegara hududida sodir bo‘lgan to‘qnashuvlarda o‘nlab odamlarning halok bo‘lishi zaif tinchlikni parchalab tashladi – bu 2021 yilda “Tolibon” Qobulda hokimiyatga kelganidan beri ikki davlat o‘rtasidagi eng dahshatli to‘qnashuv hisoblanadi.

Ilgaridan bir-biriga do‘st bo‘lgan bu davlatlar orasidagi so‘nggi keskinlik Pokistonning Afg‘onistondagi “Tolibon” ma’muriyatidan Pokistonga hujumlarni kuchaytirgan jangari guruhlarni tiyishni talab qilganidan keyin boshlandi. Pokistonga ko‘ra, bu guruhlar Afg‘oniston hududidagi xavfsiz panohgohlardan foydalanmoqda.

“Tolibon” esa bu ayblovlarni rad etmoqda va Pokiston armiyasini Afg‘oniston haqida noto‘g‘ri ma’lumot tarqatishda, chegarada taranglik keltirib chiqarishda va mamlakat barqarorligi hamda suverenitetini izdan chiqarish maqsadida ISHID bilan bog‘liq jangarilarga panoh berayotganlikda ayblamoqda. Pokiston armiyasi esa bu da’volarni inkor etadi.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq Pokiston va Afg‘oniston havo hujumlari va quruqlikdagi to‘qnashuvlar keskinlashganidan so‘ng, Janubiy Osiyodagi bu qo‘shni davlatlar orasidagi taranglik kuchayib, o‘ndan ortiq fuqaro halok bo‘lgani va 100 ga yaqin kishi yaralangandan keyin 48 soatlik otashkesim to‘g‘risida kelishib olgandi. Kecha, 17 oktyabr kuni esa tomonlar o‘t ochishni to‘xtatish rejimini uzaytirish borasida murosaga keldi.


Maqola muallifi

Teglar

Afg'oniston Eron Pokiston

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing