Eron hujumiga javob qaytarish bizning huquq va mas’uliyatimiz – Netanyaxu

Olam

image

Isroil Bosh vaziri Binyamin Netanyaxu Eronning 1 oktyabr kuni Isroilga raketa hujumi javobsiz qolmasligini aytdi. Bu haqda u kecha, 5 oktyabr kuni mamlakat televideniyesi orqali chiqishida so‘z ochdi.

“Dunyodagi hech bir davlat o‘z shaharlari va fuqarolariga qarshi bunday hujumga toqat qilmaydi. Isroil o‘zini himoya qilish va bu hujumlarga javob berish huquqiga ega va biz albatta shunday qilamiz”, degan Binyamin Netanyaxu.

Netanyaxu Eronning yaqinda amalga oshirgan raketa hujumiga Isroilning javob qaytarishi mumkin bo‘lgan vaqti haqida ma’lumot bermadi. “Sky News Arabia”a telekanaliga ko‘ra, Isroil Mudofaa kuchlari Tehron Yaqin Sharqda o‘zi qo‘llab-quvvatlayotgan guruhlarni ta’minlash uchun foydalanadigan infratuzilmani nishonga olishi mumkin.

3 oktyabr kuni jurnalistlar bilan suhbatda AQSH Prezidenti Jo Bayden Isroil Pentagon bilan Eronning harakatlariga mumkin bo‘lgan javobni muhokama qilayotgani va bunday hujum nishoni Eronning neft inshootlari bo‘lishi mumkinligini aytdi.

Shu bilan birga, Amerika rahbari voqealarning bunday rivojlanishi haqida tanqidiy gapirdi.

“Agar men ularning o‘rnida bo‘lsam, neft konlariga zarba berishdan boshqa muqobil variantlar haqida o‘ylardim”, dedi u.

Eslatib o‘tamiz, 1 oktyabr oqshomida Eron Isroil tomon 180 dan ortiq ballistik raketa uchirgandi. Bir kishi halok bo‘ldi, kamida ikki kishi yaralandi. Tehron bu hujumni “Hizbulloh” bosh kotibi Hasan Nasrullohning o‘limi uchun qasos deb atadi. “Axios”ning so‘zlariga ko‘ra, Isroil hukumati Eronga javob berishni “o‘z-o‘zidan rejalashtirmoqda”, ammo mumkin bo‘lgan strategik oqibatlar tufayli rejalarni AQSH bilan muvofiqlashtirish niyatida. OAV Isroil ham Eron yadroviy inshootlariga hujum qilish imkoniyatini ko‘rib chiqayotganini yozdi.

Eron oliy rahnamosi Oyatulloh Ali Xomanaiy juma namozi oldidan qilgan xutbasida o‘tgan 1 oktyabr kuni Isroilga qilingan raketa hujumi Tehronning Isroil hukumati harakatlariga eng yumshoq javobi bo‘lganini aytdi. Eron oliy rahbarining aytishicha, AQSHning Isroil rejimini saqlab qolish istagi Isroilni Yaqin Sharq mintaqasi egalik qiladigan va AQSH jahon mojarolarida foydalanadigan resurslarni qo‘lga kiritish vositasiga aylantirish uchun niqobdir.


Maqola muallifi

Teglar

Eron Isroil raketa hujumi Bin'yamin Netan'yaxu

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing