Eron Hormuz bo‘g‘ozini minalashni boshladi – OAV

Olam

image

AQSH razvedkasi ma’lumotiga ko‘ra, Eron harbiylari Hormuz bo‘g‘ozini minalashni boshlagan bo‘lishi mumkin. Bu haqda CBS News muxbiri Jennifer Jeykobs xabar berdi.

Uning aytishicha, Eron minalarni o‘rnatish uchun kichik qayiqlardan foydalanmoqda. Har bir qayiq ikki yoki uchta dengiz minasini olib yurishi mumkin. Milliy xavfsizlik masalalari bo‘yicha jurnalist Jim LaPorta ma’lumotlariga ko‘ra, Erondagi dengiz minalari zaxirasi aniq emas, ammo turli baholashlarga ko‘ra, ular soni ikki mingdan olti minggacha bo‘lishi mumkin.

CNN ham razvedka manbalariga tayanib, Eron Hormuz bo‘g‘ozini minalashi mumkinligi haqida xabar bergan.

Donald Tramp bu ma’lumotlarga munosabat bildirib, agar Eron haqiqatan ham bo‘g‘ozga minalar qo‘ygan bo‘lsa, ularni darhol olib tashlash kerakligini aytgan. Uning so‘zlariga ko‘ra, aks holda Eron uchun misli ko‘rilmagan harbiy oqibatlar yuzaga keladi.

Keyinroq Tramp AQSH harbiylari minalar o‘rnatishga urinayotgan qayiqlarga zarba berganini ma’lum qilgan. Uning aytishicha, so‘nggi soatlarda 10 ta mina qo‘yuvchi qayiq yo‘q qilingan.

AQSH Prezidenti bu haqda Truth Social ijtimoiy tarmog‘ida yozib, mina qo‘yuvchi kemalarga qarshi kurashda AQSH narkotrafikka qarshi operatsiyalarda qo‘llaniladigan texnologiyalardan foydalanayotganini bildirgan.

AQSH Qurolli kuchlari Markaziy qo‘mondonligi ham Hormuz bo‘g‘ozi yaqinida Eronga tegishli bir nechta harbiy kemalar yo‘q qilinganini ma’lum qilgan. Bayonotga ko‘ra, jami 16 ta mina qo‘yuvchi kema (minalash uchun ishlatiladigan harbiy kemalar) yo‘q qilingan.

Hormuz bo‘g‘ozi orqali jahon dengiz neft eksportining taxminan 20–25 foizi o‘tadi. Isroil va AQSH bilan urush boshlanganidan keyin Eron bo‘g‘ozni bloklashini ma’lum qilgan edi.

So‘nggi bir hafta ichida bo‘g‘oz orqali faqat 14 ta kema o‘tgan. Ilgari esa har kuni 50–60 ta neft va gaz tankeri bu yerdan harakatlanar edi. Kemalar harakatining keskin kamayishi neft va gaz narxlarining oshib ketishiga sabab bo‘lgan.

Shu bilan birga Fransiya Hormuz bo‘g‘oziga harbiy kemalar yuborish imkoniyatini ko‘rib chiqqan. Donald Tramp esa zarurat tug‘ilsa, AQSH harbiy floti neft tankerlarini kuzatib borishini bildirgan.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq AQSH Prezidenti Donald Tramp agar Eron Hormuz bo‘g‘ozi orqali neft tashishni to‘sishda davom etsa, mamlakatga nisbatan yanada kuchli zarbalar berilishini bildirgandi.


Maqola muallifi

Teglar

Eron Hormuz

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing