“Yalinish yoki buyruq?” Tramp Eronni Hormuz bo‘g‘ozini yopmaslikka chaqirdi
Olam
−
10:36 5529 2 daqiqa
AQSH Prezidenti Donald Tramp agar Eron Hormuz bo‘g‘ozi orqali neft tashishni to‘sishda davom etsa, mamlakatga nisbatan yanada kuchli zarbalar berilishini bildirdi. Bu haqda Oq uy rahbari Truth Social ijtimoiy tarmog‘ida yozib qoldirdi.
Uning ta’kidlashicha, agar Eron Hormuz bo‘g‘ozida neft oqimini to‘sishga qaratilgan har qanday harakatni amalga oshirsa, AQSH Eronga hozirgacha berilgan zarbalardan yigirma barobar kuchliroq zarba beradi.
Tramp shuningdek, AQSH oson yo‘q qilinadigan ob’ektlarning ham yo‘q qilishini, bu esa Eronning davlat sifatida tiklanishini deyarli imkonsiz qilib qo‘yishini aytgan. U “o‘lim, olov va g‘azab” Eron ustiga tushishini ta’kidlab, biroq bunday holat yuz bermasligiga umid qilishini ham qo‘shimcha qilgan.
AQSH Prezidentining aytishicha, uning bu bayonoti Xitoy va Hormuz bo‘g‘ozidan faol foydalanadigan boshqa davlatlar uchun “sovg‘a” hisoblanadi.
O‘z navbatida, Islom inqilobi qo‘riqchilari korpusi vakili general Sardar Nainiy bergan bayonotida Eron AQSH va uning ittifoqchilariga mintaqadan bir litr ham neft olib chiqishga yo‘l qo‘ymasligini bildirgan.
Uning so‘zlariga ko‘ra, neft va gaz narxlarini pasaytirish hamda ularni nazorat qilishga qaratilgan barcha urinishlar vaqtinchalik va samarasiz bo‘ladi.
Nainiy shuningdek, jang maydonida tashabbus Eron qo‘lida ekanini va urush qachon tugashini Tehronning o‘zi hal qilishini ta’kidlagan. U AQSHning Fors ko‘rfazidagi harbiy infratuzilmasining katta qismi yo‘q qilinganini, jumladan mintaqadagi deyarli o‘nta zamonaviy radar tizimi hamda qimmat dronlar Eron havo mudofaasi tomonidan yo‘q qilinganini aytgan.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq AQSH Prezidenti Donald Tramp Eronga qarshi urush rejalashtirilgan muddatdan tezroq kechayotgani va deyarli yakunlanish arafasida ekanini bildirgandi. Trampning ta’kidlashicha, Eronning na floti, na aloqasi, na harbiy-havo kuchlari qolgan, raketalar esa juda kam miqdorda qolgan.
Live
Barchasi