Eron havo hududini yopdi
Olam
−
15 yanvar 4247 2 daqiqa
Eron o‘z havo hududini barcha samolyotlar uchun yopdi. Bu haqda “Flightradar24” xabar berdi.
Tehron tomonidan chiqarilgan xabarga ko‘ra, cheklovlar Toshkent vaqti bilan 15 yanvar kuni 00:45 da kuchga kirgan va 15 yanvar soat 8:00 gacha davom etishi rejalashtirilgan, ammo ma’lumotlarga ko‘ra, taqiq hamon o‘z kuchida qolmoqda. “Flightradar24”ning qayd etishicha, xabar e’lon qilingan vaqtda Eron havo hududida atigi ikkita samolyot bo‘lgan, bular – Bangkok va Istanbuldan Tehronga uchayotgan reyslar.

14 yanvar kuni “Reuters” agentligi yevropalik rasmiyga tayanib, AQSH yaqin 24 soat ichida Eronga zarba berishi mumkinligi haqida xabar tarqatgan edi. AQSH Prezidenti Donald Tramp agar Eronda dekabr oxiridan beri davom etayotgan ommaviy norozilik namoyishlari kuch bilan bostirilishda davom etsa, Vashington aralashuvini istisno qilmasligini aytgan.
Eron hukumati internet va mobil aloqa xizmatlariga cheklovlar joriy qilgani sababli tartibsizliklar qurbonlari sonini aniq aniqlash qiyinlashgan.
Human Rights Activist News Agency (HRANA) huquq himoyasi tashkiloti hisob-kitoblariga ko‘ra, 12 yanvarga qadar namoyishlarni bostirish vaqtida 646 kishi halok bo‘lgan. Bundan tashqari, 10 mingdan ortiq namoyishchi hibsga olingan. Boshqa OAVlar halok bo‘lganlarning sonini 12 mingga yetganini yozmoqda.
Tramp Eronga nisbatan harbiy zarbalar berilishi ehtimolini ham inkor etmagan. Shu bilan birga, Tehron AQSH tomonidan hujum uyushtirilgan taqdirda mintaqadagi Amerika ob’ektlariga zarba berilishi bilan tahdid qilgan. Vashington 14 yanvar kuni Yaqin Sharqdagi bazalaridan xodimlarning bir qismini evakuatsiya qilishga qaror qilgan. Tramp esa agar amerikalik harbiy bazalarga hujum qilinsa, Eronga nisbatan “ilgari hech kim ko‘rmagan zarbalar” berilishini aytib, tahdid qilgan.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq O‘zbekiston Tashqi ishlar vazirligi matbuot kotibi Ahror Burhonov vazirlik Erondagi vaziyatni diqqat bilan kuzatayotganini va namoyishlarda halok bo‘lganlar orasida o‘zbekistonliklar yo‘qligini ma’lum qilgandi.
Live
Barchasi