Eron havo hududi qayta ochildi
Olam
−
15 yanvar 4272 2 daqiqa
Bugun, 15 yanvar kuni Eron hukumati mamlakat havo hududini qayta ochdi. Bu haqda “Al Jazeera” xabar berdi.
Ma’lumotlarga ko‘ra, parvozni birinchilardan bo‘lib qayta tiklagan aviakompaniyalar qatorida Eronning Mahan AIR, Yazd Airways va AVA Airlines kompaniyalari bor. Ta’qiq taxminan 5-8 soat davom etgan.
Tehron tomonidan e’lon qilingan rasmiy xabarga ko‘ra, cheklovlar Toshkent vaqti bilan 15 yanvar kuni 00:45 da kuchga kirgan. “Flightradar24”ning qayd etishicha, xabar e’lon qilingan vaqtda Eron havo hududida atigi ikkita samolyot bo‘lgan, bular – Bangkok va Istanbuldan Tehronga uchayotgan reyslar.
14 yanvar kuni “Reuters” agentligi yevropalik rasmiyga tayanib, AQSH yaqin 24 soat ichida Eronga zarba berishi mumkinligi haqida xabar tarqatgan edi. AQSH Prezidenti Donald Tramp agar Eronda dekabr oxiridan beri davom etayotgan ommaviy norozilik namoyishlarini bostirishda kuch ishlatish davom etsa, Vashington aralashuvini istisno qilmasligini aytgan.
28 dekabr kuni Tehronda Eron riali kursining keskin tushib ketishi sababli savdogarlar norozilik aksiyalarini boshlagan edi. 30 dekabr kuni namoyishlarga talabalar qo‘shildi. Tartibsizliklar aksariyat yirik shaharlarga tarqaldi. 2 yanvar kuni ko‘chalarda qurollangan noma’lum guruhlar paydo bo‘lib, isyonchilar va huquq-tartibot organlari o‘rtasida qurolli to‘qnashuvlar soni ko‘paydi.
Tartibsizliklarning eng keskin pallasi 8 yanvar oqshomiga to‘g‘ri keldi. O‘shanda talonchilar harakatlari oqibatida kamida 12 nafar tinch aholi vakili, jumladan bir bola halok bo‘lgan. Rasmiylar 25 nafar huquq-tartibot xodimi ham halok bo‘lganini ma’lum qildi. Tehron meri Alireza Zakaniyning bildirishicha, isyonchilar poytaxtda 25 ta masjidni yoqib yuborgan, 26 ta bank, 3 ta tibbiyot markazi, 10 ta davlat muassasasi, 48 ta yong‘in o‘chirish mashinasi, 42 ta avtobus va tez yordam avtomobili hamda 24 ta turar joyga zarar yetkazgan.
Eron hukumati tartibsizlik ishtirokchilarini terrorchilar deb atab, voqealarni tashkil etishda Isroil va AQSHni ayblagan.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Eron havo hududi barcha samolyotlar uchun yopilgani sababli, O‘zbekiston samolyotlari ham jo‘nash aeroportiga qaytishga majbur bo‘lgandi.
Live
Barchasi