AQSH 24 soat ichida Eronga zarba beradi – “Reuters”
Olam
−
15 yanvar 14017 2 daqiqa
AQSH yaqin 24 soat ichida Eronga zarba yo‘llaydi. Bu haqda kecha, 14 yanvar kuni yevropalik rasmiylarga tayanib, “Reuters” agentligi xabar berdi.
Nashr ma’lumotiga ko‘ra, Eron qo‘shni davlatlarni ogohlantirib, agar AQSH tomonidan hujum uyushtirilsa, ular o‘z hududida joylashgan Amerika harbiy bazalariga zarba berishini ma’lum qilgan. Shundan so‘ng Vashington Yaqin Sharqdagi bazalaridan harbiylarning bir qismini olib chiqish haqida qaror qabul qilgan.
Xususan, Qatar hududidagi AQSHning Al-Udayd aviabazasidagi ayrim harbiylarga 14 yanvar kechga qadar bazani tark etish bo‘yicha ko‘rsatma berilgan. Agentlik suhbatdoshlaridan biri bu jarayon evakuatsiya emas, balki shunchaki qayta joylashtirish ekanini ta’kidlagan.
Al-Udayd aviabazasi AQSHning Yaqin Sharqdagi eng yirik harbiy bazasi hisoblanadi. U yerda taxminan 10 ming nafar amerikalik harbiy xizmatchi joylashgan. 2025 yil 23 iyunda Tehron AQSHning Isfahon, Fordo va Natanzdagi Eron yadro ob’ektlariga hujumiga javoban ushbu bazaga zarba bergan edi. O‘shanda Tramp 14 ta raketadan 13 tasi urib tushirilgani, yana bittasi xavf tug‘dirmaganini aytgan. Qatar esa aviabaza yo‘nalishida yetti raketa uchirilganini, ulardan biri baza hududiga kelib tushganini bildirgan.
13 yanvar kuni Tramp eronlik namoyishchilarga murojaat qilib, ularni davlat muassasalarini egallashga chaqirgan hamda “yordam allaqachon yo‘lda” ekanini aytgan. Jurnalistlar bilan suhbatda AQSH Prezidenti bu so‘zlari bilan nimani nazarda tutganini aniqlashtirmagan, biroq amerikalik fuqarolarning Erondan evakuatsiya qilish masalasi ko‘rib chiqilishi kerakligini bildirgan. “CBS News” telekanaliga bergan intervyusida esa Tramp Tehronga nisbatan o‘zining yakuniy maqsadi g‘alaba ekanini aytgan, lekin bu tushunchani izohlab bermagan.
Nashrning isroillik rasmiyga tayanib xabar berishicha, 12 yanvar kuni Isroil Bosh vaziri Binyamin Netanyaxuning xavfsizlik kabineti “Eron rejimining qulashi yoki AQSH aralashuvi ehtimoli” haqida xabardor qilingan.
Eronda ommaviy norozilik namoyishlari 2025 yil dekabr oyining oxiridan beri davom etmoqda. Namoyishlar mamlakatdagi chuqur iqtisodiy inqiroz fonida boshlangan. Yil oxiriga kelib inflyatsiya darajasi 42,2 foizga yetgan, milliy valyuta – eron riali esa rekord darajada qadrsizlanib, 1 dollar uchun 1,42 million rialgacha tushib ketgan.
Namoyishchilar hukumat va Islom Respublikasi Oliy rahbari Oyatulloh Ali Xomanaiyning iste’fosini talab qilmoqda. Norozilik aksiyalari o‘nlab shaharlarni qamrab olgan. Butun mamlakat bo‘ylab internet o‘chirilgani sababli qurbonlar haqidagi ma’lumotlarni to‘plash va tasdiqlash qiyinlashmoqda. Halok bo‘lganlar namoyishchilar orasida, xavfsizlik kuchlari safida ham borligi aytilmoqda.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Eron o‘z havo hududini barcha samolyotlar uchun yopgandi. Tehron tomonidan chiqarilgan xabarga ko‘ra, cheklovlar Toshkent vaqti bilan 15 yanvar kuni 00:45 da kuchga kirgan va 15 yanvar soat 8:00 gacha davom etishi rejalashtirilgan, ammo ma’lumotlarga ko‘ra, taqiq hamon o‘z kuchida qolmoqda.