Korrupsiyaga qarshi kurashning ahvoli “Transparency International”ning fikri bilan chegaralanmaydi – Yo‘ldoshev

Jamiyat

O‘zbekistonning korrupsiya bo‘yicha xalqaro reytinglardagi o‘rni ancha past va bu mamlakatning xalqaro maydondagi imijiga ta’sir o‘tkazadi. Ammo O‘zbekiston korrupsiyaga qarshi kurashda birgina tashkilotning fikri bilan chegaralanib qolmaydi. Bu haqda O‘zbekiston Bosh prokurori o‘rinbosari Erkin Yo‘ldoshev Oliy Majlis Senatining yigirma birinchi yalpi majlisida ta’kidlab o‘tdi.

“Transparency International” degan xalqaro nodavlat tashkiloti bor. O‘tgan yili o‘sha tashkilotning indekslari bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi yil yakunida 158-o‘rinni egallagani to‘g‘ri. Bu reytingning ham xalqaro maydondagi imijimizga ta’siri borligi – fakt.

So‘nggi ikki yilda islohotlarni butun dunyo ko‘rib turibdi, quvvatlayapti. Lekin pirovardida islohotlarning samarasi istasak-istamasak korrupsiyaga qarshi kurash bilan bog‘liq holda o‘lchanadi.

Shuning uchun ham, davlatimiz rahbari respublikada amalga oshirilayotgan islohotlarning barchasida ularga xalaqit qilishi mumkin bo‘lgan korrupsion omillarni bartaraf qilinglar, tomiri bilan yo‘qotinglar, degan vazifani qo‘ygan. Prezidentimiz imzolagan “Korrupsiyaga qarshi kurash to‘g‘risida”gi qonuni, Korrupsiyaga qarshi kurash dasturi, hukumatimizning Istanbul harakatlar rejasi bilan bog‘liq ishlab chiqqan yo‘l xaritalaridan maqsad ham shu”, dedi Erkin Yo‘ldoshev.

Bosh prokuror o‘rinbosarining ta’kidlashicha, O‘zbekistonda korrupsiyaga qarshi kurashning ahvoli faqatgina “Transparency International”ning fikri bilan chegaralanib qolmaydi. 

“Dunyoda boshqa reytinglar ham ko‘p. Eng asosiysi, bizni qiziqtirayotgani, biz uchun muhim bo‘lgani – O‘zbekistonda korrupsiyaga murosasiz muhit shakllandimi, shakllanyaptimi, ijobiy o‘zgarish bo‘lyaptimi, degan savolga javob topish.

Korrupsiya bilan professional shug‘ullanuvchi Iqtisodiy hamkorlik va taraqqiyot xalqaro tashkiloti bor. Shu tashkilot shu yil boshida O‘zbekistonga kelib, maxsus monitoring o‘tkazdi va o‘zining hisobotida: “O‘zbekistonda korrupsion faktorlarni bartaraf qilishda jiddiy siljish bor”, degan e’tirofni aytdi.

Bu e’tirofni shu tashkilotning rahbari Parijda bo‘lgan 24-kengaytirilgan yig‘ilishda ham alohida ta’kidladiki, O‘zbekistonda ruscha aytganda jiddiy “prorыv”, jiddiy siljish bo‘lyapti, deb bizning mamlakatimizni qatnashayotgan davlatlar ichida alohida ta’kidlab qo‘ydi.

Ular o‘tgan yili 21 ta mana shunday reytingga tushadigan tavsiyalar bergan bo‘lsa, bu tavsiyalarning barchasi bajarilgani qayd etildi. Shu bilan birgalikda, yana 47 ta yangi tavsiya berildi – ular bajarilyapti”, dedi Erkin Yo‘ldoshev.

Prokuror so‘zida davom etib, xalqaro baholar, reytinglar muhim, lekin eng asosiysi – Prezidentning so‘nggi farmoni bilan, korrupsiyaga qarshi kurash bugungi kunda chinakamiga davlatning siyosati darajasiga ko‘tarilib turganini ta’kidladi.


Maqola muallifi

Teglar

korruptsiya Senat Erkin Yo'ldoshev

Baholaganlar

16

Reyting

3.2

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing