“Erkaklar buzilib ketdi”. Japarov oilalarning ajralishi haqida gapirdi
Olam
−
14:42 1215 2 daqiqa
Oilasidan ketib, boshqa ayolga uylanadigan erkaklar o‘z farzandlarini ta’minlashi shart. Bu haqda bugun, 12 oktyabr kuni Qirg‘iziston Prezidenti Sadir Japarov Botken shahri va Botken tumani aholisi bilan uchrashuvda ma’lum qildi.
Qirg‘iziston Prezidentiga mulkiy nizo sabab eri bilan sudlashayotganini aytib, Gulzat ismli ayol murojaat qilgan. Ayolning so‘zlariga ko‘ra, ularning uch nafar farzandi bor, 2015 yilda esa turmush o‘rtog‘i yashirincha boshqa ayolga uylangan. 2022 yilda ayol ajrashish va mol-mulkni bo‘lish bo‘yicha ariza bergan. Ayol hozirda nizo predmeti bo‘lib turgan xonadonda farzandlari bilan yashayotganini va ko‘chaga haydalishdan xavotirda ekanini bildirgan.
Japarov uning eri qayerda ishlashini so‘ragan. Fuqaro uning tadbirkor ekanini aytgan. Ichki ishlar vazirining birinchi o‘rinbosari Odilbek Biybosunov ajrashish jarayoni boshlanganini va erining ukasi sudda yolg‘on ko‘rsatma bergani aytilayotganini ma’lum qilgan. Ayol militsiyaga murojaat qilib, unga nisbatan chora ko‘rishni so‘ragan.
Sadir Japarov ushbu masalani huquqiy jihatdan ko‘rib chiqishni so‘ragan.
“Agar boshqasiga uylanishga qaror qilgan bo‘lsa, nega uy va mol-mulkni oilasiga, bolalari va xotiniga qoldirib, o‘zi chiqib ketmaydi? Erkaklar buzilib ketdi”, deydi u.
Japarov Yaponiyani misol qilib keltirgan. Uning so‘zlariga ko‘ra, u yerda ajralishlar deyarli yo‘q, chunki qonunchilik erkakning sobiq oilasi oldidagi majburiyatlarini qat’iy belgilab qo‘ygan.
“Agar ajrashgan bo‘lsang, butun umr farzandlaringni va sobiq xotiningni ta’minlashing kerak. Boshqasiga uylangan bo‘lsang ham, baribir ularni ta’minlashga majbursan. Erkak kishiga shunday majburiyat yuklanadi”, deydi Japarov.
U o‘zini ta’minlagan erkak xotinini uch nafar farzandi bilan uysiz qoldirmasligi, uy va mol-mulkni tortib olib, boshqa oila qurmasligi kerakligini qo‘shimcha qilgan.
“Axir u avvalgi oilasini ham ta’minlashi kerak-ku. Bular uning farzandlari axir”, deydi Qirg‘iziston Prezidenti.
Sadir Japarov militsiya, prokuratura va sud xodimlariga Gulzatning murojaatini xolis ko‘rib chiqish hamda bolalar manfaatlarini hisobga olgan holda uy-joy masalasini hal qilishga yordam berishni topshirgan. U ishni o‘zi shaxsan nazoratiga olishini ma’lum qilgan.
Live
Barchasi